O‘zbekistonda barcha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi va murabbiylar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Avvallari markaz o‘qituvchilari xorij davlatlariga, xususan, Koreyaga borib tajriba almashib kelgan. Bugun mamlakatimizda kasbga tayyorlash markazlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, milliy malaka markazlari hamda texnik malakani baholash va o‘qituvchilar salohiyatini oshirishga ixtisoslashgan institut ochilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazida 27 iyul kuni malaka tizimi va milliy standartlar ishchi guruhining 2-bosqich yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA tomonidan amalga oshirilayotgan “Urganch kasb-hunarga o‘qitish markazini tashkil etish, milliy malaka sinovlari va sertifikatlashtirish tizimi salohiyatini kuchaytirish hamda O‘zbekistonda o‘qituvchilar malakasini oshirish markazini tashkil etish” loyihasi mazmuni atroflicha ko‘rib chiqildi.
Malakaviy tizimni loyihalash, ishlab chiqilgan milliy malaka markazidan foydalanish, jumladan, ta’lim, malaka, sanoat xodimlari malakasini oshirish masalalari qizg‘in muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, to‘rtta yo‘nalish – avtomobilsozlik, elektrik, payvandlash va har bir hudud kesimida muhim sohalar qamrab olingan. Masalan, Urganchda mehmonxona va turizm sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Urganch loyihasini amalga oshirish muddati 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan. Mazkur loyiha doirasida Toshkent shahridagi markaz hududida milliy texnik malakani baholash hamda ta’lim ustalarini malakasini oshirish markazini barpo etish rejalashtirilgan.
– 2019 yil mamlakatimizda birinchi marta milliy malaka tizimi tushunchasi keng tatbiq etila boshladi, o‘shanda ilk qadam qo‘yilgandi, deyish mumkin, – deydi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Milliy malaka tizimini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Komiljonov. – Asosiy maqsadimiz O‘zbekiston fuqarolarini xalqaro mehnat bozoridagi ishtirokini faol ta’minlash. Ishchi kuchi raqobatdoshligini oshirish har qachongidan ham muhim.
Tadbir davomida iishchi guruh faoliyati to‘g‘risida ayrim ma’lumotlar berib o‘tildi. O‘zbekistonda milliy malaka markazi tizimini rivojlantirish va texnik malakani baholash dasturini izchil yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish loyihaning asosiy qismi ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, KOICA loyihasi doirasida Urganch shahrida tashkil etilayotgan Kasb-hunarga o‘qitish markazining “Yo‘l xaritasi” faoliyati yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasbga o‘qitish markazlari o‘qituvchilarini malakasini oshirish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu yangi tizim sohadagi kadrlarni har tomonlama malakasini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, malakani baholash markazi orqali kasbga tayyorlash markazlarini tamomlagan mutaxassislar ko‘nikmasi ham baholanadi. Bu borada Koreya tajribasini o‘rganish va ulardan ko‘mak olish muhim ahamiyatga ega.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yil Toshkent Kasb-hunarga o‘qitish markazi hududida malakani baholash tizimi va o‘qituvchilar malakasini oshirish instituti qurib foydalanishga topshiriladi.
– Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi KOICA tashkiloti bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda, – dedi O‘zbekiston Sertifikatlashtirish tizimini yaratishni qo‘llab-quvvatlash guruhi rahbari Pak Ke Yon. – Birinchi ishchi guruh yig‘ilishida malakani baholash markazini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq vazifalar belgilab olingan edi. Ishlab chiqilgan hujjat malaka tizimini baholashda xalqaro tajribani, jumladan, Koreya Respublikasi standartiga moslashtirish kabi asosiy mezonlarni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va Farg‘onada Kasb-hunarga o‘qitish markazlari tashkil etilgan. Muassasada minglab fuqarolar kasbga o‘qitilyapti, keyinchalik ish bilan ta’minlanadi. 2023 yilda Urganchda ham ana shunday markaz ochilishi rejalashtirilgan.
Muloqot chog‘ida texnik malakani baholash va o‘qituvchilar malakasini oshirish markazini tashkil etish, uning tarkibiy tuzilmalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Koreyada milliy malaka markazidan foydalanish va malakaning umumiy tushunchasi, O‘zbekiston mehnat bozori tadqiqot institutining malaka va standartlar bo‘yicha o‘rni, O‘zbekiston malakani baholash markazining tegishli yo‘nalishlariga oid taqdimotlar qilindi.
Ta’kidlanishicha, 2022 yil avgust oyida O‘zbekiston va Koreya test to‘lovlarini belgilash usullarini taqqoslash ustida ish olib boriladi.
Yig‘ilish so‘ngida ishchi guruh a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mazkur loyiha doirasida barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA