2022 yil 3 iyun kuni Farg‘ona shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning “Kasb-hunarga o‘qitish markazida o‘qituvchilarning amaliy salohiyatini oshirish o‘quv dasturi” yakuniga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona kasb-hunarga o‘qitish markazi loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu o‘quv kursi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi 75 nafar o‘qituvchi, jumladan, respublikaning turli hududlaridagi 15 ta Mono markaz o‘qituvchilari hamda Toshkent, Samarqand va Shahrisabz KOICA kasbga o‘qitish muassasalari ustozlarini o‘z ichiga oladi.
2018-2022 yillarga mo‘ljallangan KOICA Farg‘ona kasb-hunarga o‘qitish markazi loyihasi uchun 9,32 million dollar ajratilgan bo‘lib, 5313 kvadrat metr maydonda amaliyot binosi, ma’muriy bino va yotoqxona mavjud. Ular o‘quv va amaliyot jihozlari bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, darslik, o‘quv dasturlari va markaz ish rejasini ishlab chiqish bo‘yicha koreyalik mutaxassislar bilan maslahatlashuv o‘tkazilgan.
O‘qituvchilar dastur doirasida avtomobil, elektr energetika, axborot texnologiyalari, tikuvchilik va go‘zallik kabi yo‘nalishlarda bir hafta davomida ilmiy malakasini oshirib, o‘qishni muvaffaqiyatli yakunladi.
[gallery-7468]
Tadbirda loyiha menejeri Kim Yeong-Vuk mazkur dastur o‘qituvchilar malakasini oshirishga hissa qo‘shishi va O‘zbekiston kasb-hunarga o‘qitish tizimi nafaqat Farg‘ona viloyati, balki butun mamlakat bo‘ylab texnik mutaxassislarni tarbiyalash yo‘lida xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerak, agentlik shu yil iyun oyi oxiridan iyul oxirigacha 83 nafar o‘qituvchi uchun nazariy fanlarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha trening o‘tkazishni rejalashtiryapti.
Eslatib o‘tamiz, 2012 yil “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi salohiyatini rivojlantirish loyihasi (2007-2012 yillar)” doirasida Toshkent shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi, 2016 yil Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi va 2018 yil Shahrisabz shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazi ochildi. Shulardan jami 9 yo‘nalish, jumladan, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, elektroyenergiya/elektronika, mashinasozlik, payvandlash/santexnika, go‘zallik, tikuvchilik, mehmonxona, axborot texnologiyalari va kompyuter grafikasi bo‘yicha o‘qitish tashkil qilingan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi jami 171 nafar kasb-hunar ta’limi o‘qituvchisi malakasini yanada mustahkamlash maqsadida KOICAning amaliy qobiliyatlarni rivojlantirish va o‘qitish uslublarini takomillashtirish o‘quv dasturlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Darvoqe, Farg‘ona kasb-hunarga o‘qitish markazi KOICA tomonidan yurtimizda Koreya granti hisobidan ochilgan 4-Kasb ta’lim markazi.
O‘zA