Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
KOICA homiyligida Toshkent Bolalar milliy tibbiyot markazida trening o‘tkazildi
15:18 / 2021-11-25

Poytaxtimizdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida xodimlar va shifoxona faoliyatini baholash, tavsiyalar berish maqsadida o‘tkazilgan trening natijalari tahlil qilindi.

Tadbirda Seul Milliy universiteti shifoxonasi o‘qituvchilari, poytaxtimizdagi Bolalar tibbiyot markazi xodimlari, KOICA rasmiylari ishtirok etdi.

— Bir hafta davomida Koreyadan kelgan shifokorlar bilan tajriba almashdik. Biz buning uchun KOICA tashkilotiga alohida minnatdorlik bildiramiz, — dedi Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Alisher Sharipov.

Markazning 3 nafar shifokoriga, Sarvar Mirzayev, Anvar Xoliqov va Eldor Qurolovga sertifikat topshirildi.  

Yig‘ilishda Seul Milliy universiteti shifoxonasi professorlari o‘z taassurotlarini izhor etib, hamkasblariga tegishli tavsiyalar berdi.

— Bu yerda nevrojarrohlar bilan birga ishlash menga zavq bag‘ishladi, shu bois ular bilan do‘stlashib oldim, — deydi bolalar nevrojarrohi, professor Pi Jixun. — Markazda yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar ko‘pligidan mamnun bo‘ldim.

Professor Kang Xegyung esa markaz faoliyatiga to‘xtalib, o‘zining quyidagi foydali maslahatlari bilan ham o‘rtoqlashdi:  

— ID karta joriy etilishi bemorning kasallik tarixini mukammal shakllantirish imkonini beradi, shu bilan birga, davolovchi shifokor vaqtini tejaydi;

— Yuqumli kasalliklarga jiddiy e’tibor qaratish kerak, aks holda davolanayotgan bemor va tibbiyot xodimiga infeksiya yuqishi mumkin;  

— Infeksiyani nazorat qilish tizimini joriy qilish kerak;

— Kasallik haqida bemorda tushuncha paydo bo‘lishi uchun maxsus qo‘llanmalar yaratilishi kerak;

— Yaxshi natijalarga erishish uchun shifokorlar birgalikda ishlashi shart, ayniqsa, urolog va nefrologlar.

Koreyalik hamshiralardan biri markazning bolalar nevrologiyasi va nevrojarrohligi bo‘limida o‘quv amaliyotini o‘tkazdi.

— Mahalliy hamshiralar treningda ishtiyoq bilan qatnashdi, — deydi u. — Menimcha infeksiyani nazorat qilish va davolashda atseptik asbob-uskuna uchun alohida xona zarur. Ayniqsa, bemor shifo topishi uchun operatsiyadan keyingi g‘amxo‘rlik juda muhim, deb o‘ylayman.  

 

O‘tkir Alimov,

Ulug‘bek Mahmirzayev