Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘hna va boqiy Buxoroda bayram shodiyonalari
22:27 / 2025-08-30

“Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasidagi muhtasham amfiteatrda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida keng nishonlanayotgan Mustaqilligimizning 34 yilligiga bag‘ishlangan viloyat bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan ko‘rkam uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maskanlari, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar, bog‘lar, hiyobonlar, shahar va qishloqlarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib, aholi farovonligi, ongi va tafukkurini yuksalishiga xizmat qilmoqda. 

Bayram tantanalari ayni shu mavzuda tayyorlangan kompozitsiya namoyishi bilan boshlandi. Bayram tadbirini viloyat hokimi Botir Zaripov tabrik so‘zi bilan ochib berdi va yig‘ilganlarni istiqlol ayyomi bilan qutladi.

Viloyat rahbari o‘z nutqida keyingi yillarda mamlakatimiz, shu jumladan, Buxoroda amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilish bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar xususida alohida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan qadamlar qo‘yildi. Har bir ishimiz, har bir yutug‘imizda istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon bo‘lmoqda. Butun jahonda do‘stlarimiz va hamkorlarimiz ko‘paymoqda. Bunda esa davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasidagi ulug‘vor vazifalarni ro‘yobga chiqarishga qat’iy kirishilgani yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda.

E’tirof etilganidek, birinchi yarim yillikda viloyat yalpi hududiy mahsuloti 106,4 foizni tashkil etib, 23,3 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Viloyatning eksport salohiyati ham sezilarli darajada yuksalib, joriy yilning o‘tgan davrida 169 million AQSH dollariga yetdi. Yangi ish o‘rinlarini yaratish hisobidan 198 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Kambag‘allik darajasi o‘tgan yilning shu davridagi 10,2 foizdan 7,5 foizga qisqartirildi.

Joriy 2025 yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilingani munosabati bilan ekologiyani asrash, jumladan, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha zamonaviy tizimlarga o‘tish ishlari kuchaytirildi. 

[gallery-25066]

Tabrikda Buxoro keyingi yillarda katta qurilish maydoniga aylanib borayotgani ham e’tirof etildi. Jumladan, qurilish-bunyodkorlik ishlari uchun ayni vaqtga qadar 2,96 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 817 ta ob’ektda qurilish va obodonchilik ishlari jadal davom etmoqda. Yangi Xalqaro aeroport binosi, Buxoro davlat universitetining yangi kampusi, Acharya universiteti, “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki kabi  yirik ob’ektlarda ham bunyodkorlik ishlari yuqori sur’atlar bilan olib borilmoqda.

Aholining zamonaviy uy-joyga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida 6,5 mingta oilaga mo‘ljallangan 140 ta ko‘p qavatli turar joy binolari barpo etilmoqda. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 62,0 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

Albatta, har bir insonni xursand qiladigan bunday o‘zgarishlar minglab oilalar hayotiga shodlik baxsh etmoqda. Hech shubhasiz, hayotda bu quvonchli voqealar tufayli insonning qaddi ham, qadri ham ko‘tariladi. Aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasidagi mana shunday yangilanishlar kelgusi yillarda ham yanada jadal sur’atlarda davom etaveradi.

Tadbirda, so‘nggi yillarda viloyatda maktabgacha ta’lim qamrovi 22 foizdan qariyb 90 foizga yetkazilgani, hududda 2017-yil yanvar holatida birorta xususiy maktab bo‘lmagani holda, bugungi kunda ularning soni 37 taga yetgani aytildi.

Shuningdek, turizmni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar tufayli bugun mazkur soha viloyatning asosiy drayverlaridan biriga aylangani qayd etildi. Xususan, Buxoroga shu yil 8 oyda xorijdan kelgan turistlar soni 1,5 million nafarga yetib, o‘tgan yil mos davriga nisbatan qariyb 2 baravarga ko‘paydi. Turizm xizmatlari eksporti 400 million dollardan oshdi. Eng quvonarlisi, dunyo miqyosida mashhur “The New York Times” nashri Buxoroni 2025 yilda tashrif buyurishga eng munosib joy sifatida e’lon qildi.

Viloyat rahbari yig‘ilganlarni “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida keng nishonlanayotgan Mustaqilligimizning 34 yilligi bilan yana bir bor samimiy tabriklab, eng ezgu niyatlarini bildirdi. 

Tadbirda viloyat san’at ustalari, yosh ijrochilar, bolalar musiqa va san’at maktablari tarbiyalanuvchilari, harbiylar, taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish qilindi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari