Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘hna va boqiy Buxoro sayyohlarni maftun etaveradi (+video)
19:30 / 2022-12-29

Sayyohlik industriyasi yo‘nalishida Buxoro viloyatida juda katta imkoniyat va salohiyat mavjud. Birgina “Buxoroi sharif” nomining o‘zi qolaversa, ajdodlarimizdan qolgan mingdan ortiq tarixiy obidalar butun dunyo ziyoratchilari, sayohatchilari e’tirofini qozongan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Buxoro viloyatida  turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyatga keluvchi xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida turistik marshrutlar sonini ko‘paytirish, yangi mehmonxonalar tashkil etish, servis xizmatlarini rivojlantirish doimiy e’tiborda.  Joriy yil yanvar-noyabr oylari davomida Buxoro shahrida jami 34 ta oilaviy mehmon uylari, 24 ta xostellar, 21  ta yangi mehmonxona va 1 ta motel ishga tushirildi. Shahardagi jami joylashtirish vositalari soni  407 tani tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatgich o‘tgan 2021 yilga nisbatan 14,3 foizga oshgan.  

Mercure Hotel mehmonxonasi 12-16 asr arxitekturasini o‘zida aks ettirganligi bilan ahamiyatlidir. Mehmonxona dizaynida ganchkorlik, naqqoshlik, o‘ymakorlik namunalaridan samarali foydalanilgan. 220 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona to‘rt yulduzli hisoblanadi. Shaharning Samarqand ko‘chasida joylashgan mehmonxona loyihasining qiymati 3,5 million AQSH dollarini tashkil etadi.    

Yana bir yangi mehmonxona afg‘onistonlik  investorlar tomonidan barpo etilgan. 1,8 million AQSH dollari sarflangan shinam, ko‘rkam va barcha qulayliklarga ega “uch yulduzli” mehmonxona 2022 yil oktyabr oyidan boshlab mehmonlarni qabul qilmoqda.  

[gallery-10123]

– Buxoro shahriga sayyohlar oqimi yildan yilga oshib borayotgani quvonarli hol albatta,  – deydi Buxoro shahar hokimligi boshqaruv apparati bosh mutaxassisi Valijon Jo‘raqulov. – 2021 yilda Buxoro shahriga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 30 ming 800 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 11 oyi mobaynida bu ko‘rsatgich  550  mingga yetdi. Buxoroga tashrif buyurgan mahalliy sayyohlar soni esa 2021 yilda 1 million 405 ming, 2022 yilda 2 million 700 mingdan ortiqni tashkil etdi.    

O‘tgan davrda infratuzilma ob’ektlarining ishga tushishi va sohaga aloqador o‘zini-o‘zi band qilganlar hisobiga turizm va unga yo‘ldosh xizmat ko‘rsatish, madaniyat va kinematografiya sohalarida 2022 yilda 5651 ta yangi ish o‘rni yaratildi.  Aholi bandligi bo‘yicha ko‘rsatgichlar 2021 yilga nisbatan 31,1 foizga ko‘tarildi.    

Turizm tarmoqlari hamda joylashtirish vositalarida xizmat turlarining yaqqol ortishi va servis salohiyatining yuksalganini kuzatish mumkin. Joriy kunga qadar xorijiy va mahalliy sayyohlarga doimiy xizmat ko‘rsatadigan restoranlarning soni 81 tani tashkil etadi. Xizmatlar sohasi, ayniqsa mavjud binolarning tom qismida terassalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali xizmatlar sifati va hajmi kengaytirildi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha Buxoro shahrida 2021-2022 yillarda hududiy investitsiya dasturlari hamda tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan bino va inshootlar tom qismida 50 ta terassa tashkil etilib bir vaqtning o‘zida 2 ming 788 nafar mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.  Tahlillarga ko‘ra, sayyohlarning Buxoro shahrida qolishi o‘rtacha muddati 3,5-4 kunni tashkil etmoqda. Ularning kunlik xarajati esa xorijlik mehmonlarda 250 AQSH dollarni, mahalliy sayyohlarda o‘rtacha 350 ming so‘mni tashkil etadi.    

Turizm marshrutlarini ko‘paytirish orqali esa mehmonlarning shaharda qolish muddatini uzaytirish choralari ko‘rilmoqda. Buning uchun esa bo‘sh turgan madaniy meros ob’ektlaridan oqilona foydalanish rejasi ishlab chiqildi. Joriy yilda turistik marshrutga kiritilgan madaniy meros ob’ektlari soni yana 10 taga ortdi. Shulardan biri ko‘p yillar davomida samarasiz foydalanilgan Modarixon madrasasi hisoblanadi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/75zBiaYsHzo" title="Ko‘hna va boqiy Buxoro sayyohlarni maftun etaveradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Mazkur madrasa “Ishga marhamat” monomarkaziga hunarmandchilik markazi tashkil etish uchun ”nol” qiymatda ijaraga berildi. 56 ta hujrasi  bo‘lgan bu tarixiy inshootda endilikda 20 nafar usta hunarmandlar faoliyati yo‘lga quyildi. Har bir hunarmand bugungi kunda 10 nafargacha yoshlarga turli hunar sirlarini o‘rgatmokda. Bundan tashqari, turistik mavsum davomida xorijiy sayyohlar uchun yosh maqomchilar ansamblining konsert dasturlari tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.    

2022 yil davomida turizm yo‘nalishida bir qator madaniy-ko‘ngilochar tadbir, forum va festivallarning tashkil etilishi ham Buxoro shahriga sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qildi. Davlat rahbari tashabbusi bilan 21-25 may kunlari Buxoro shahrida 58 ta davlatdan tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy hunarmandlar ishtirokida “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” Kashtado‘zlik san’ati xalqaro festivallari o‘tkazildi. Festival doirasida Butunjahon Hunarmandchilik Kengashi tomonidan Buxoro shahriga “Butun jahon hunarmandlar shahri” maqomi berildi. Al-manar arab tili va xattotlik markazining tashkil etilganligi esa  dunyoning 20 ga yaqin mamlakatidan Islom olami ulamolarini Buxoroda jam qildi.    

Buxoroning sayyohlik salohiyatini yana oshirishga xizmat qilayotgan yana bir yo‘nalish bu qadimiy hunarmandchilik namunalarining qayta tiklanayotganligidir. Bunga Usta Davron Toshev miniatyura markazi faoliyati yaqqol misol bo‘ladi. Taniqli miniatyurachi rassom Davron Toshev tomonidan bugungi kunda qadimiy texnologiya asosida ya’ni qo‘lbosma uslubida Buxoro ipak qog‘ozi tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga Buxoroning qadimiy miniatyura namunalaridan nusxa olingan noyob san’at asarlari yaratilmoqda. Davron Toshev Fransiya, Amerika, Shvetsariya, Italiya va va bir qator MDH davlatlarida o‘zining shaxsiy ko‘rgazmalarini namoyish etib kelmoqda.    

Buxoro nafaqat tarixiy yodgorliklari, me’moriy obidalari bilan balki ana shunday hunarmandchilik namunalari bilan ham dunyo xalqlarini o‘ziga chorlamoqda. Bularning barchasi Buxoroda turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismigina xolos. Ko‘hna va boqiy Buxoroda xorijiy va mahalliy mehmonlar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, qulayliklar yaratish, sayyohlar oqimini oshirish borasida tizimli ishlar davom etmoqda.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA