Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘hna va boqiy Buxoro sayyohlarni chorlamoqda
13:42 / 2022-08-08

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor hamda ushbu sohaga oid qabul qilingan farmon va qarorlar o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, sohadagi tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar olis va chekka hududlarda turizmni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Prezidentimiz raisligida joriy yil 26 aprel kuni o‘tkazilgan turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida mavjud imkoniyatlarni ishga solib, pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilingan edi. Avvalo, turistlarni o‘ziga ohanraboday jalb qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. 

Ko‘hna va boqiy Buxoroda ham turizmni rivojlantirish, jumladan, xorijiy va mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning “2017-2019 yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turistik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi. 

Mazkur qarorga muvofiq, viloyatga tashrif buyurayotgan chet ellik turistlar va mamlakatimiz sayyohlariga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlari sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tizimli ishlar amalga oshirildi. Sohani izchil rivojlantirish, turizm industriyasi va infratuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida yangi zamonaviy mehmonxonalar qad rostladi. Bu boradagi keng qamrovli ishlar sayyohlarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirdi. Yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ma’lumotlarga ko‘ra 2022 yilning birinchi yarim yilligida Buxoro viloyatida 43 ta yangi katta-kichik mehmonxonalar ishga tushgan. Natijada ularning umumiy soni 445 taga yetgan. Ushbu mehmonxonalarda 11 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. 

– Turizm iqtisodiyotimizning drayver sohalaridan biriga aylanmoqda, – deydi viloyat Turizm va maniy meros boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Akmal Rajabov. – Viloyatimizga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar soni yildan-yilga oshayotir. Sayyohlarni joylashtirish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida tadbirkorlarimiz tomonidan zamonaviy xizmat ko‘rsatish inshootlari bunyod etilmoqda. Rejalarimiz katta. Ularni amalga oshirishda davlat rahbarining ko‘rsatmalari asosida yanada ulkan vazifalarni amalga oshiramiz. Viloyatda xorijiy investitsiya asosida 28 million AQSH dollarini tashkil etuvchi 3 ta yirik mehmonxona loyihalarining qurilish ishlari davom etmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Hindistonning “Metric Ventures” MCHJ hamda Buyuk Britaniyaning “Wide Tent Sistem” kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan besh yulduzli “Hyatt Regency” hamda 4 yulduzli “Wyndham” brendlari nomi ostida mehmonxonalar o‘z faoliyatini boshlaydi. 2022 yil II yarim yilligida turizm sohasini rivojlantirish maqsadida mehmonxona va joylashtirish vositalari sonini 450 taga, ulardagi o‘rinlar sonini 12 mingtaga yetkazish hamda sayyohlar tashrif buyuradigan 10 ga yaqin yangi yo‘nalishlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Turizm yo‘nalishidagi restoranlar sonini 100 taga, ichki turizm yo‘nalishida viloyatga tashrif buyuruvchi mahalliy sayyohlar sonini 2,4 million nafarga, turizm va unga yo‘ldosh xizmat ko‘rsatish sohasi, madaniyat va kinematografiya sohalarida 18 mingtaga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

[gallery-8203]

Hududiy investitsiya dasturlari doirasida 2022-2023 yillarda turizm sohasida mehmonxona, motel, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ekoturizm, turistik transport vositalaridan iborat umumiy loyiha qiymati 483,9 milliard so‘mni tashkil etuvchi 52 ta loyiha amalga oshirilmoqda. bugungi kunda mazkur loyihalardan 9 tasi ishga tushirildi. 

– Buxoro qadimiy, boy tarixga ega shahar, – deydi turkiyalik loyiha koordinatori Ferhad Ali.  –Biz bu yerda ekanimizdan juda xursandmiz. Buxoroga yiliga millionlab sayyohlar tashrif buyuradi. Davlatingiz rahbari tomonidan turizm sohasiga qaratilayotgan e’tiborni biz yuksak baholaymiz. Ikki millat o‘rtasidagi tarixiy an’analar, davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tufayli mana bir necha yildan buyon  mamlakatingizda istiqbolli loyihalarni amalga oshirdik. Endi esa Buxoroda zamonaviy, dunyo talablariga javob beradigan mehmonxona qurmoqdamiz. Mehmonxona jahon andozalari darajasida jihozlanadi.  Xususan, bu yerda yopiq turdagi basseyn va sauna, zamonaviy restoran faoliyat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Xullas, tashrif buyuradigan sayyohlar uchun yuqori darajada xizmat ko‘rsatiladi. O‘ylaymanki, ushbu inshootning foydalanishga topshirilishi sayyohlar oqimining oshishiga yordam beradi.

 Turizm faoliyati sub’ektlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, hududning turistik salohiyatidan kelib chiqib aholining bandligi va farovonligini oshirish maqsadida oilaviy mehmon uylari ham tashkil etilmoqda. Ushbu mehmon uylarining aksariyati Buxoroning tarixiy qismida tashkil etilmoqda. Bu yerda shunday uylar borki 200, 300 yil tarixga ega. Tashrif buyurayotgan sayyohlarning ushbu mehmon uylariga qiziqishlari ham yuqori. 2022 yilning o‘tgan davrida viloyatda 19 ta yangi oilaviy-mehmon uylari tashkil etilishi natijasida 188 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

– Uyimiz eski shahar qismida joylashgan,  – deydi  tadbirkor Sabina Ashurova. –Uyimizda oilaviy mehmonxona ochish g‘oyasi oilamizdagi barcha a’zolardan chiqdi. Bu g‘oya birgalashib, qo‘llab-quvvatlandi. Uyimiz 300 yillik tarixga ega. Hovlimiz Amir Olimxon xizmatkori, choyxonachining uyi bo‘lgan.  Oilaviy mehmon uyimizni ham qadimiy, ham zamonaviylik uyg‘un holda jihozladik. 10 nafar mehmonga xizmat ko‘rsatamiz. Hozirda Rossiya, Buyuk Britaniya va mahalliy mehmonlarimiz bor. 

Tahlillarga ko‘ra joriy yilning o‘tgan davrida viloyatga tashrif buyurgan sayyohlar soni 1 million 824 ming nafardan oshgan. Sayyohlar tashrifidan viloyat iqtisodiga 2021 yilda jami 478,9 milliard so‘m tushum tushgan bo‘lsa, 2022 yil 1 iyul holatida  bu ko‘rsatkich 763  milliard so‘mni tashkil etgan. Buxoro viloyatida ayni paytda turizm va unga yo‘ldosh xizmat ko‘rsatish sohalarida 20 ming nafarga yaqin aholi muqim ish bilan band. 

 

Zarif Komilov, 

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA