Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘hna Keshda tashkil etilgan shou gala-konsert minglab yoshlarni atrofiga jamladi
19:12 / 2025-06-25

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida “Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida gala-konsert tashkil etildi.  Shahardagi tarixiy Oqsaroy maydonida 85 ming nafardan ortiq yoshlarni atrofiga jamlagan mazkur madaniy dastur haqiqiy ma’noda iqtidor va birdamlik uyg‘unlashgan unutilmas shouga aylandi.

Konsert avvalida yoshlarga zamonaviy bilim va kasblarni egallash, tafakkurini kengaytirish, texnologiyalarni o‘rganish imkonini beradigan : “Ustoz AI”, “Mutolaa”, “Ibrat farzandlari”, “UzChess”, “Qizlar akademiyasi” kabi Yoshlar ishlari agentligining mega-loyihalari keng namoyish qilindi. 

Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Murotjon Azimov yoshlarga o‘z tabrigini yo‘lladi va  Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Yangi O‘zbekiston - yangi avlod bilan” g‘oyasi amalda qanday namoyon bo‘layotganini alohida ta’kidladi. 

Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar, so‘z ustalari  va boshlovchilarning chiqishlari festivalga fayz bag‘ishladi. Ayniqsa, “Yoshlar ovozi — Bo‘zatov Fest” tanlovi g‘oliblarining jonli ijrodagi chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

[gallery-24050]

Ushbu gala-konsert nafaqat bayram, balki yoshlar bilan muloqot, ularga ishonch bildirish va istiqbol sari yo‘l ko‘rsatish maydoniga aylandi. Tadbir so‘nggida barcha ishtirokchilar qalbida faxr, g‘urur va motivatsiya uyg‘otgan ko‘tarinki kayfiyat hukmron bo‘ldi.

Shuningdek tadbir doirasida “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining hududiy bosqichi g‘oliblari va nominatsiyalar bo‘yicha turli yo‘nalishlarda faol bo‘lgan yoshlar tantanali tarzda taqdirlandi. Bu orqali yoshlarning faolligi va jamiyatdagi o‘rniga yuksak e’tibor qaratildi.

Ushbu tarixiy va ma’naviy jihatdan muhim tadbir yoshlar siyosatining amaliy ifodasi, ularning kelajakka ishonch bilan qarab, Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shishga tayyor ekanligini yaqqol ko‘rsatdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan yoshlar tashabbusi, iqtidori, salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida barcha sharoit yaratib berilmoqda.

Mahalla darajasida yoshlar bilan ishlovchi mukammal tizim, uni yurgizuvchi moliyaviy mexanizm yaratildi. Masalan, “Yoshlar daftari” orqali viloyatda so‘nggi 3 yilda qariyb 65 ming nafar yigit-qizga 120 milliard so‘mlik turli yordam ko‘rsatilgan.

Til bilish bo‘yicha SiVan sertifikatiga ega bo‘lgan 1 ming 700  nafar yoshning qariyb 30 milliard so‘mlik imtihon xarajatlari qoplandi.  O‘tgan yilning o‘zida 29 ming nafar yoshga tadbirkorlik, ipoteka, ta’lim yo‘nalishida 722 milliard so‘mlik kredit ajratildi. 

Dehqonchilik qilmoqchi bo‘lgan 7 mingdan ortiq yoshga 6 ming gektar yer ajratilib, ular uchun barqaror daromad manbai yaratildi. Vohadagi iqtidorli maktab o‘quvchilari, oliygoh talabalari uchun viloyat hokimi stipendiyasi ta’sis etildi. Sport, san’at, madaniyat sohasidagi yoshlar uchun “Maktablar ligasi”, “Iste’dodli yoshlar” kabi turli loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Xorijiy til, AyTi, kasb-hunar o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun bepul kurslar tashkil qilindi.

Albatta bularning barchasi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu islohotlarning isbotidir.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari