Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘hna kent yashillikka burkanadi
11:54 / 2023-02-15

FOTOREPORTAJ

Sovuq zahri qaytib, butun borliqda iliqlik hukm sura boshlashi bilan joylarda obodonchilik ishlari avjiga chiqadi. Ariq va zovurlarni tozalash, yerga urug‘ qadash, gul, daraxt ekish yumushlari qizg‘in pallaga kiradi. Ayni paytda barcha mavsum zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, ish qurollari, urug‘, ko‘chatlarini g‘amlash bilan band. Samarqand shahri obodligi, tozaligi uchun mas’ul bo‘lgan obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xizmatchilari ham mavsum davomida amalga oshiriladigan ishlarga puxta hozirlik ko‘rmoqda. Boshqarma tasarrufidagi issiqxona xo‘jaligida bahorgi mavsumda ekish uchun 1 million tupdan ortiq gul parvarishlanmoqda.

- Aslida boshqarmada gul ekish ishlari qishin-yozin tinmaydi, - deydi boshqarma bosh agronomi Abdulatif Bahodirov. – bugungi kungacha ham sovuqqa chidamli viola, qirovgul kabi gullarni Samarqand shahrining markaziy ko‘chalari, xiyobonlar, tarixiy obidalar atrofiga ekib, shahar obodligiga o‘zgacha chiroy bag‘ishlab kelmoqdamiz. Bu gullar may oyigacha o‘z chiroyini saqlab, yashnab turadi. Ayni paytda bahorgi mavsumda ekiladigan gullarni parvarishlab kelayapmiz. Joriy yilda Samarqand shahriga 5 million dona gul ekish rejalashtirilgan. Ayni paytda issiqxona xo‘jaligimizda 1 million dona tup tayyorlanmoqda. Bundan tashqari ijaraga olingan issiqxonalarda ham gul yetishtirish ishlari olib borilmoqda.

Shahar obodonlashtirish boshqarmasi issiqxona xo‘jaligida bugungi sovuq kunlarda ham bahoriy go‘zallik hukmron. Viola, qirovgul kabi qishki gullar bilan birga xrizantema, giron, gultojixo‘roz, bananza, salviya gullari va rayhon ko‘chatlari ko‘paytirilib, mavsumda ekishga tayyorlanmoqda.

[gallery-10580]

- Issiqxonamiz maydoni 50 sotixni tashkil etadi, - deydi issiqxona xo‘jaligi mas’uli Qahramon Sattorov. – Bahorgi mavsumga hozirlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Havoning sovib ketishi, yog‘ingarchiliklar sabab qishki mavsumda ekishga mo‘ljallangan gullarimiz ko‘proq muddatga issiqxonada qolib ketdi. Sekin-asta havoning ilishi bilan ushbu gullarni shahrimiz bo‘ylab ekib chiqib, ularning o‘rniga bahorgi mavsum uchun urug‘ qadaymiz. Ayni paytgacha tayyorlangan bahorgi gullar bosqichma-bosqich markaziy ko‘chalar, xiyobonlarda tashkil qilingan gulxonalar o‘tqaziladi. Ularning o‘rniga ham keyingi ekishlar uchun urug‘ qadab, gul ko‘chatlari tayyorlanadi. Umuman olganda issiqxonamiz yil davomida bo‘sh turmaydi. 25 nafar ishchi ushbu yerda yil davomida urug‘dan gul ko‘chatlari tayyorlash bilan band bo‘ladi. Kelgusida bu yerda faoliyatimizda zarur bo‘ladigan biogomes ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqdamiz. Bu ham ishimizni samarali, kamxarj bo‘lishiga xizmat qiladi.

Boshqarma mas’ullari ayni kunlarda ko‘hna kent obodonchiligi yo‘lidagi ishlarni boshlab yuborishdi. Obod joyda baraka bo‘ladi, degan naqlga amal qilgan holda boshqarma ishchi-xizmatchilari obodonchilik ishlarini o‘z hududlarini ko‘rkamligini ta’minlashdan boshlashdi. Bunday ko‘rkamlik, obodlik kunlar isishi bilan butun Samarqand shahri bo‘ylab davom etadi.

 

 

Alisher ISROILOV(surat),O‘zA