Ko‘p hollarda qalbdan-qalbga o‘tib borayotgan ijod mahsullarining umri nimaga uzoq bo‘lib, abadiyatga muhrlanayotgani haqida mulohaza qilavermaymiz. Ammo bir o‘ylab ko‘rilsa, ijodkorning qalbi bir dona emas ekanki, u o‘z yuragini atrofidagilarga ulashaverib, abadiyatga yetadigan amallari bilan yashayveradi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov ana shunday qalb sohibi va dillar egasi bo‘la olgan shaxs edi. 1926 yili 20 oktyabr kuni Qozog‘istonning Chimkent viloyati Qarnoq qishlog‘ida xizmatchi oilasida tug‘ilgan bo‘lajak adib, 1951-1956 yillarda O‘rta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qidi.
1955-1959 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, “Literaturnaya gazeta”ning respublikamiz bo‘yicha maxsus muxbiri, “O‘zbekfilm” kinostudiyasi va respublika kinematografiya qo‘mitasida bosh muharrir, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishladi.
So‘ng “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri, Yozuvchilar uyushmasining raisi, O‘zbekiston Atamalar qo‘mitasi raisi va Turkiston xalqlari madaniyati arboblari assambleyasining vitse-prezidenti lavozimlarida xizmat qildi. Odil Yoqubovning birinchi yirik asari ‒ “Tengdoshlar” qissasi 1951 yilda bosilib chiqdi.
1956 yilda adibning “Ikki muhabbat” nomli kitobi nashr etildi. Keyin birin-ketin “Muqaddas”, “Bir feleton qissasi”, “Qanot juft bo‘ladi”, “Billur qandillar” kabi qissalari chop qilindi. Odil Yoqubovning “Er boshiga ish tushsa” romani Ikkinchi jahon urushi yillaridagi voqelikni aks ettiradi. “Qanot juft bo‘ladi” qissasida shifokorlar, me’morlar, ishchilar hayoti tasviri bilan birga ijtimoiy va axloqiy muammolar ham o‘rtaga tashlangan.
“Izlayman” qissasida 1945 yilgi yapon militarizmiga qarshi kurash voqealari aks ettiriladi. U ma’lum ma’noda avtobiografik asar hamdir. Chunki muallifning o‘zi o‘sha voqealarning jonli guvohi bo‘lgan.
Chingiz Aytmatovning maktubi...
Yozuvchi “Ulug‘bek xazinasi” romanida ulug‘ ajdodimiz, buyuk astronom olim Ulug‘bek va uning o‘g‘li Abdulatif o‘rtasidagi ziddiyatlarni ko‘rsatib, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni tasvirlagan. Romanda Ulug‘bekning iste’dodli shogirdi, mashhur olim Ali Qushchining ham ulug‘vor obrazi yaratilgan.
Chingiz Aytmatov o‘z maktubida mazkur asar haqida shunday deydi: “Bugun men chuqur mamnuniyat bilan, vijdon amriga itoat etgan holda, senga allaqachon yo‘llashim lozim bo‘lgan ushbu xatni yozmoqdaman. “Ulug‘bek xazinasi”ni, garchi bir oz kechikib bo‘lsa-da, zo‘r qiziqish va maroq bilan o‘qib chiqdim. Yaxshi kitob haqida zavq bilan yozish mumkin. Sening asaring yuksak proza namunasidir. Badiiy jihatdan barkamol bo‘lgan bu tarixiy roman haqiqatan meni larzaga soldi. O‘quvchini to‘lqinlantira olish mumtoz san’at asariga xos birlamchi alomatdir. Yana men bu safar turkiy xalqlar vakili sifatida chuqur mamnuniyat va g‘urur-iftixor hissini tuydim”.
Adibning boshqa bir yirik asari ‒ “Ko‘hna dunyo” romanida O‘rta Osiyoning ikki buyuk allomasi Beruniy va Ibn Sino hayoti va ularning fojiali taqdirlari qalamga olinadi. Ikki ulug‘ ajdodimizning jahon ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan buyuk hissalarini ko‘rsatishga intiladi.
Shuningdek, Odil Yoqubov zamonaviy mavzularda ham “Diyonat”, “Oqqushlar, oppoq qushlar” kabi yirik asarlar yaratgan. Agar yozuvchi “Diyonat” romanida adolatning nohaqlik, tubanlik ustidan g‘olib kelishini ko‘rsatgan bo‘lsa, “Oqqushlar, oppoq qushlar” romanida turg‘unlik davri illatlarini ro‘y-rost gavdalantirib bergan. Uning “Adolat manzili” nomli romanida milliy mustaqillik yo‘lidagi kurash hamda adolatning g‘olib va qutlug‘ yo‘li ulug‘landi.
Sahnadagi asarlar...
Odil Yoqubov respublikamiz teatrlarida sahnalashtirilgan “Aytsam tilim kuyadi, aytmasam dilim”, “Yurak yonmog‘i kerak”, “Chin muhabbat” (1958), “Olma gullaganda” va boshqa pesalarning muallifidir. “Diyonat” romani asosida yaratilgan ko‘p seriyali videofilm ham muallifga sharaf keltirdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov “Ulug‘bek xazinasi” romani uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1994 yili “Do‘stlik”, 1998 yilda esa “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
Mohir tarjimon, munaqqid, publitsist va adib Odil Yoqubov 2009 yil 21 dekabr kuni Toshkent shahrida vafot etdi.
Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA