Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kogon shahar bo‘linmasi, “Buvijonlar maktabi” guruhi tashabbusi bilan “Keksalar haftaligi” doirasida “Senator va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.
– Bugun mamlakatimiz yoshlari tomonidan erishilayotgan ulkan yutuqlar zamirida istiqlolning ilk yillaridan boshlab yoshlar tarbiyasi, ta’limi, umuman, kadrlar tayyorlash tizimiga qaratilgan alohida e’tibor mujassam, – deydi senator, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning Buxoro mintaqaviy vakili Abira Huseynova. – Ayniqsa, keyin yillarda davlat rahbari tomonidan mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor, ularga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik miqyosi yildan-yilga kengaymoqda. Istiqlol yillarida davlatimiz tomonidan yoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, barkamol avlod kamoloti uchun xizmat qiluvchi huquqiy asoslarni yaratish borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, o‘tgan yillar davomida yoshlarga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun, davlat rahbarining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. Ayniqsa, 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida” gi qonun yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda amalga oshirishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu qonun bugungi davr talablariga mos ravishda har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, xalq manfaati yo‘lida bor salohiyatini safarbar qiladigan, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratdi.
Tadbirda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarning huquqiy, siyosiy savodxonligini oshirish, yangi qabul qilinayotgan qonunlar bilan tanishtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
[gallery-13901]
“Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilim saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi”. Davlatimiz rahbarining parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida aytib o‘tilgan bu fikrlar senator va yoshlar uchrashuvi mazmuniga hamohang bo‘ldi.Yoshlarga murojaatnomaning mazmun-mohiyatini tushuntirildi. Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida so‘zlab berildi.
Muloqotda senator parlamentning qonun chiqarish, nazorat-tahlil faoliyati haqida gapirdi. O‘quvchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari