Bugun, 6 dekabr kuni Buxoro viloyati Kogon tumanida tog‘-kon sanoati korxonalari uchun portlovchi moddalarni ishlab chiqarish sexida portlash sodir bo‘ldi.
Hodisa soat 09:40 da Kogon tumani “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigini hududida joylashgan “Shahms LTD” MCHJga qarashli sexda sodir bo‘lgan. “Shahms LTD” MCHJ 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tog‘-kon sanoati korxonalari ehtiyojlari uchun yangi konlarni o‘zlashtirishda qo‘llaniladigan portlovchi moddalarni yetkazib berishga ixtisoslashgan korxona hisoblanadi.
Yong‘in Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 7 ta qutqaruv bo‘linmalari tomonidan soat 10:27 da to‘liq o‘chirilgan. Korxonaga qarashli ishlab chiqarish sexida ro‘y bergan portlash vaqtida omborda 30 nafar ishchi bo‘lgan, ulardan 4 nafari vafot etgan.
Yengil darajada tan jarohati olgan 4 nafar xodim shifoxonaga joylashtirilgan, ularning 2 nafariga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Prezidentimizning topshirig‘iga muvofiq, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan. Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, portlash oqibatlarini bartaraf qilish, ushbu baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
Hozirda yong‘in sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratga olinib, uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA