Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kogon tumanida ikkita yangi umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi
14:41 / 2023-01-07

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida chekka mahalla va qishloqlarda umumta’lim maktablari uchun yangi zamonaviy binolar qurilishiga alohida e’tibor qaratilib, sohadagi ko‘p yillik muammolar hal etilmoqda. Xususan bu borada Buxoro viloyati Kogon tumanida ham bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Tumanning Po‘lotchi qishlog‘i boshlang‘ich sinf yoshlari avvallari, shu hududdagi ma’nan eskirgan, talabga javob bermay qolgan binoda boshlang‘ich ta’limni olishar, yuqori sinflarda o‘qish uchun esa har kuni 3-4 kilometrlik yo‘lni piyoda bosib, qo‘shni qishloqdagi maktabga qatnashar edi. Endi bunga mutlaqo zarurat qolmadi.O‘quv xonalari keng, shinam, yorug‘, barcha zaruriy o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan yangi maktabning qurilishi ko‘p yillik muammoning ijobiy yechimi bo‘ldi.

Mazkur ta’lim dargohi “Obod qishloq” davlat dasturi asosida quruvchi “Bunyodkor Izzatillo Soxtimon” MCHJ tomonidan 4 milliard 111 million so‘m mablag‘ evaziga qurilgan bo‘lib, 220 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosi hamda standart o‘lchami 12 x 24 metr hajmdagi zamonaviy sport zali binosini o‘z ichiga oladi.

Zamonaviy umumta’lim maktabining ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar tomonidan Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda umumta’lim maktablari uchun moslashtirilgan binolar qurish, maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur ish sharoitlari yaratish, o‘quvchilarning puxta bilim olishi, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

– Prezidentimizga rahmat, kelajak avlod uchun yangi maktab qurib berdi, –deydi “B.Naqshband” mahalla fuqarolar yig‘ini Po‘lotchi qishlog‘ida yashovchi mahalla faoli Sharofat Zaripova. –Yangi yil biz uchun qo‘shaloq bayramga aylandi. Endi farzandlarimiz o‘zining hududidagi maktabda ta’lim olishadi. Ana insonga e’tibor, ana sifatli ta’lim.  

Shuningdek, Kogon tumanidan qariyb 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Sorg‘un mahalla fuqarolari yig‘ini aholisi ham yangi yilni qo‘shaloq shodiyonalar bilan kutib oldi. Sababi hududda  “Investitsiya dasturi” doirasida “Gala Osiyo soxtimon” XK tomonidan qariyb 4 milliard so‘m mablag‘ evaziga 240-o‘rinli 23-umumta’lim maktabining zamonaviy binosi hamda standart o‘lchami 9x18 metr hajmda sport zal barpo etildi.

Zarif Komilov, O‘zA