Har kuni millionlab insonlar tongni bir finjon issiq kofe bilan boshlaydi. Ushbu mahsulot insonni uyg‘otadi, ruhlantiradi va ko‘p hollarda ijtimoiy suhbatlarning ham ajralmas qismiga aylanadi. Ammo bu oddiy ichimlik ortida chuqur tarix, kimyoviy tarkib va turli-tuman madaniy qatlamlar yashiringan.
Bugungi kunda kofe neftdan keyingi eng ko‘p savdo qilinadigan mahsulotlardan biri sanaladi. O‘zbekistonda ham ushbu mahsulotga bo‘lgan talab nihoyatda yuqori. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga qaraganda, 2025 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston 36 ta davlatdan qiymati 3,9 million dollarga teng bo‘lgan 431 tonna kofe import qilgan. 2025 yilda O‘zbekistonga kofe yetkazib bergan davlatlarni hududlar kesimida hisoblaydigan bo‘lsak: Italiya – 125 tonna, Braziliya – 81 tonna, Vetnam – 39 tonna, Rossiya – 35 tonna, Germaniya – 31 tonna, Litvadan 28 tonna mahsulot import qilingan.
Ko‘pchilik kofeni faqat “uyg‘otuvchi ichimlik” deb biladi. Bu esa asosan “kofein” deb ataluvchi modda sabablidir. Kofein markaziy asab tizimini rag‘batlantirib, hushyorlikni oshiradi, charchoqni kamaytiradi. Ammo kofe tarkibida boshqa moddalar ham mavjud. Misol uchun: trigonellin, teofelin, xlorogen kislotalar va turli xildagi uglevodlar. Bu moddalarning o‘zaro ta’siri nafaqat hushyorlikni, balki ruhiy holat, metabolizm va yurak faoliyatini ham yaxshilashi mumkin.
Kofe shunchaki ichimlik emas – madaniyat. Istanbuldagi qahvaxonalardan tortib, Parijdagi kafe-galereyalarigacha ijtimoiy muloqot, san’at va siyosiy fikr almashinuvi maydoniga aylangan. Ayniqsa, XVIII-XIX asrlarda “kofe uylari” ziyolilar, yozuvchilar yig‘iladigan joy sifatida tanilgan.
Bugungi zamonaviy kafe madaniyati esa yoshlar orasida “co-working” makoni, ijodiy ilhom, yoki shunchaki tinch dam olish uchun eng mashhur joylardan biri bo‘lib qolmoqda. Yirik kofe brendlari butun dunyoda kofeni global madaniyatga aylantirdi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA