Navoiy viloyati Savdo sanoat palatasida korxona, tashkilot va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar huquqshunoslari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Unda viloyat sudi sudyalari tomonidan sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan amaldagi protsessual kodekslarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi .
2023 yil 25 dekabrda “ Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2024 yilning 1 yanvaridan boshlab sud qarorlarini qayta ko‘rish sohasida muhim o‘zgartirishlar amalga oshirila boshlandi.
– Qonunchilikka kiritilgan mazkur yangilikka ko‘ra, tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlar viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘riladi, – deydi Navoiy viloyat sudining sudyasi Turg‘un Qahhorov. – Shuningdek, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar mazkur sudlarda taftish tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida qayta ko‘riladi. Alohida hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida qayta ko‘rilishi, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilindi.
Seminarda yangi tartibga ko‘ra, odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayib, aholining sudma-sud yurishiga barham berildi. Bunda birinchi instansiya sudining qarori yoki ajrimidan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rib chiqiladi. Viloyat sudida tashkil etilgan apellyatsiya yoki kassatsiya hamda taftish instansiyalarining qaroridan norozi bo‘lingan taqdirda, sud qaroridan norozi bo‘lgan tarafning shikoyati bo‘yicha ishlar Oliy sudning sudlov hay’atida taftish tartibida ko‘rib chiqiladi.
– Eng muhimi shundaki, endilikda yuqori turuvchi sudlar tomonidan quyi sudlarning bekor qilingan qarorlarini yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish tartibi bekor qilinib, har bir sud instansiyasining zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatildi, – deydi viloyat sudi sudyasi Xurshid Tursunov. – Qonunchilikda belgilangan avvalgi tartibga ko‘ra, apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan ish bo‘yicha sud hujjati ustidan norozi tarafda kassatsiya shikoyati berish huquqi mavjud emas edi. Bu esa, qaysidir sabablarga ko‘ra apellyatsiya shikoyatini berish muddatlarini o‘tkazib yuborgan tarafni sud hujjati ustidan shikoyat berish huquqini cheklab qo‘yar edi. Endilikda sud hujjatidan norozi bo‘lgan taraf o‘z xohishi bo‘yicha qonuniy kuchga kirmagan sud hujjati ustidan apellyatsiya shikoyati bilan, qonuniy kuchga kirgach kassatsiya shikoyati bilan murojaat etish vakolatiga ega bo‘ldi.
Endilikda odil sudlov sohasiga taftish institutining kiritilishi va sud qarorini taftish tartibida ko‘rish vakolatlarini o‘rta bo‘g‘in sudlari hisoblangan viloyat sudlari va unga tenglashtirilgan sudlarga berilishi taftish instansiyasi tomonidan ishni ko‘rishda quyi sudlarning moddiy va protsessual qonun normalariga rioya etilganligi holatini to‘liq taftish qilish imkoniyatini beradi. Bu sud qarorlariga qonuniy baho berilishi bilan birgalikda, sudda ishi ko‘rilayotgan taraflarning Toshkent shahrida joylashgan Oliy sudga borishi bilan bog‘liq vaqtini va xarajatlarini ham tejaydi.
Shu bilan birgalikda mazkur institutni qonunchilikka tatbiq etilishi orqali Oliy sudning markazlashgan vakolatlarini quyi sudlarga o‘tkazilishi bilan o‘rta bo‘g‘in sudlarining odil sudlovni ta’minlashdagi vakolatlarini kengaytirish bilan birgalikda ularga qonuniy va asosli qaror qabul qilish kabi mas’uliyatni ham yuklaydi.
Odil sudlov sohasida amalga oshirilgan mazkur islohotlar sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirish hamda sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sudyalar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri