Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘chmas mulkka oid huquqlar e’tirof etilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillar bartaraf etiladi
09:00 / 2026-02-21

Aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qurilgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlar “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga asosan e’tirof etilmoqda.

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida shu haqda fikr yuritildi. 

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ishlarini yanada jadallashtirish zarurligi qayd etildi. 

Vakolatli tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish, huquqni e’tirof etishga to‘sqinlik qiluvchi ayrim mexanizmlarni soddalashtirish, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurati yuzaga kelayotgani ta’kidlandi. 

Shu maqsadda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan amaldagi qonunchilikka huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek, soliq qarzdorligi tushunchasi ochib berilmoqda.

Bundan tashqari, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi va shartlari belgilab berilmoqda. Huquqlarni e’tirof etish ishlari bilan bog‘liq shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlari ham takomillashtirilmoqda.

Qo‘mita a’zolarining fikricha, ushbu qonun jarayonni tezlashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlari e’tirof etilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida tegishli qaror qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA