Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan qanday huquq yoki cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi zarur? – Mutaxassis javob berdi
12:46 / 2022-12-22

Ma’lumki, ko‘chmas mulk deganda bir joydan boshqa joyga uning yaxlitligi va maqsadli vazifasiga zarar yetkazmasdan olib o‘tib bo‘lmaydigan mol-mulk tushuniladi. Uning xususiyatlaridan biri ko‘chmas mulkning albatta yer bilan bog‘liqligi hisoblanadi. Joriy yilning 28 noyabr kuni “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Xo‘sh, yangi qonun bilan qanday normalar joriy etilmoqda? Hujjat bilan Davlat kadastrlari palatasi zimmasiga qanday vazifalar yuklandi? Bu borada Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Bahromjon Abdumalikov bilan suhbatlashdik.  

–Mazkur qonunning 15-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalarining ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi vakolatlari alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Davlat kadastrlari palatasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha mas’ul organ hisoblanadi. Ushbu organ ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni tashkil etadi va amalga oshiradi, davlat reyestrini yuritadi, davlat reyestridagi axborotni ruxsatsiz foydalanilishdan, o‘g‘irlanishdan va yo‘q qilinishdan himoya qiladi, shuningdek qonunda belgilangan boshqa vakolatlarni bajaradi.  

–Ko‘chmas mulkka bo‘lgan qanday huquqlar yoki cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi zarur?  

–Qonunning 10-moddasiga ko‘ra, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan huquq va cheklovlar mavjud. Bular mulk huquqi, doimiy egalik qilish huquqi, doimiy foydalanish huquqi, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi, ijara huquqi, ikkilamchi ijara huquqi, xo‘jalik yuritish huquqi, operativ boshqarish huquqi, ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi, bepul foydalanish huquqi, renta, ipoteka, servitut. Bino-inshootga mulk huquqi, xo‘jalik yuritish, operativ boshqarish huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.  

Yer uchastkasiga nisbatan doimiy foydalanish, doimiy egalik qilish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi qo‘llaniladi. Hozirgi kunda yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayoni davom etayotgani sababli yer uchastkasiga mulk huquqi ham e’tirof etilyapti.   

– Yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonida fuqarolarimizga yuqoridagi qonun bilan qanday imtiyoz yoki qulaylik yaratilmoqda?  

–Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi alohida 33-moddada belgilanmoqda. Bunda yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqini tasarruf qilishning turli holatlari, jumladan, sotish, hadya qilish, meros, ustav fondiga kiritish, ustav fondidagi ulushini qaytarib berish mumkin bo‘ladi.  

– Fuqaro ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmoqchi bo‘lsa, qayerga murojaat qilishi kerak?  

–Buning uchun Davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali garov xati rasmiylashtirilganda ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga murojaat qilishlari shart.  

Arizada ko‘chmas mulk ob’ektining turi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan huquq, unga kadastr yig‘majildi tayyorlangan yoki qayta rasmiylashtirilgan ko‘chmas mulk ob’ektining nomi va u tayyorlangan sana (mavjud bo‘lsa) ko‘rsatiladi.  

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA