Joriy yil 18 oktyabrda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning hisobini yuritishda shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, kadastr sohasidagi ayrim ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Kadastr agentligi tomonidan Milliy geoaxborot tizimida ochiq ma’lumotlar asosida ommaviy geoportal yuritiladi va u 2023 yil 1 yanvarga qadar ishga tushiriladi.
Bu borada kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida Milliy axborot agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi mutasaddi xodimlari tomonidan batafsil ma’lumot berildi.
– Endilikda ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr yig‘majildini tayyorlash ishlari faqat axborot tizimi orqali elektron tarzda amalga oshiriladi, – deydi Milliy geoaxborot tizimini muvofiqlashtirish va Davlat kadastrlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Zokirov. –2024 yil 1 yanvarga qadar davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari amalda foydalanib kelayotgan, biroq yer ajratish haqida qaror qabul qilinmagan yer uchastkalarini rasmiylashtirish ishlari yakunlanadi.
Davlat kadastrlarini yurituvchi vakolatli organlar 2022 yil oxiriga qadar o‘zlarining ma’lumotlar bazalari axborot tizimiga to‘liq integratsiya qilinishi ta’minlanadi.
Malaka shahodatnomasiga ega bo‘lgan kadastr muhandislari axborot tizimidan foydalanilganligi uchun har oyda BHMning bir baravari miqdorida to‘lov amalga oshiradi.
Davlat kadastrlari palatasi ko‘chmas mulk huquqlarini davlat ro‘yhatidan o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Abdurazzoqovning ta’kidlashicha, ochiq ma’lumotlar ommaviy geoportal orqali davlat boshqaruvi organlariga bepul, jismoniy shaxslar, xo‘jalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslarga to‘lov evaziga taqdim etiladi.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridagi yer uchastkasi kadastr raqami, uning manzili va undan foydalanish maqsadi to‘risidagi ma’lumotlarni foydalanuvchilar tomonidan bepul olish imkoniyati yaratiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA