Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi
15:49 / 2023-09-08

Mulk daxlsizligi har kimning o‘z boyliklariga egalik qilish, foydalanish va boshqarish huquqiga ega ekanligini anglatadi. Bu fuqarolik mas’uliyatining oshishi, davlat oldida barchaning tengligini ta’minlovchi muhim omildir.

Bu borada ko‘chmas mulkning kadastr idoralaridan davlat ro‘yxatidan o‘tganligi muhim ahamiyatga ega. Sababi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish – yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga o‘tganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi faktining davlat tomonidan tan olinishini bildiradi.

– Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyida ko‘chmas mulklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida Davlat kadastrlari palatasining Samarqand viloyat boshqarmasiga Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda notariuslar orqali yuridik va jismoniy shaxslar nomidan 56 ming 423 ta buyurtma kelib tushgan bo‘lib, shundan 40 ming 192 ta buyurtma ijobiy hal etildi, – deydi Davlat kadastrlari palatasining Samarqand viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Azamat Nishonov. – 13 ming 606 ta buyurtma rad qilingan va 2625 ta buyurtma uchun o‘rnatilgan tartibda to‘lov shakllangan bo‘lib, hozirgi kunga qadar to‘lovi kutilmoqda.

Bundan tashqari 2020 yildagi 594 ta buyurtma, 2021 yildagi 966 ta buyurtma, 2022 yildagi 1350 ta buyurtma to‘lovi amalga oshirilishi zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi qarori bilan Toshkent shahrida joylashgan ko‘chmas mulkka 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda esa 2020 yil 1 yanvardan boshlab notarial harakatlar asosida vujudga keladigan ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar haqidagi ma’lumotlar Reyestrga faqat notariusning talabnomasiga asosan elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda huquq egasini o‘zgartirish shaklida kiritilishi va bir vaqtning o‘zida Reyestrdan ko‘chirma berilishi belgilangan. Yuqorida qayd etilgan to‘lovi kechikayotgan holatlarning deyarli barchasi notariuslar orqali kelgan arizalar bilan bog‘liq bo‘lmoqda.  

Buyurtmalarning to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari kechikishiga va bu o‘z navbatida ko‘chmas mulk egasiga va davlat idoralariga bir qator noqulayliklarni yuzaga keltiradi. Sababi, to‘lov amalga oshirilmagandan so‘ng yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga o‘tganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi kadastr idorasidan rasman davlat ro‘yxatidan o‘tmaydi va natijada “Ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida Davlat Reyestridan ko‘chirma” berilmaydi. Natijada ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar ko‘chmas mulkning avvalgi egasi nomida turadi va ushbu ko‘chmas mulkka taalluqli har qanday soliq to‘lovlari unga yuboriladi, shuningdek, avtomatik tarzda turli cheklov va taqiqlar qo‘llanilishi mumkin.

Bu masalaning yana bir og‘riqli tomoni, agar bugungi kunda “to‘lovi kutilmoqda” bo‘lib turgan buyurtmalarni bekor qilib, yangidan buyurtma talab etiladigan bo‘lsa, o‘tgan yillar davomida respublikamizda oylik ish haqi bir necha bor oshirilganligi, bazaviy hisoblash miqdori ham o‘zgarganligi sababli, to‘lanishi lozim bo‘lgan summa oshishiga olib keladi.

Kadastr sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, ko‘chmas mulk ob’ekti mulkdorlari yoxud ushbu ob’ekt bo‘yicha ashyoviy huquqlar egalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar yoki ularning vakolatli vakillari ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelganda, boshqa shaxsga o‘tganda, cheklanganda yoki bekor bo‘lganda yoxud ko‘chmas mulk ob’ektining huquqiy holati o‘zgargan kundan boshlab bir oy muddatda tegishli huquqni belgilovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, garov xati rasmiylashtirilganda esa – ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga murojaat qilishlari shartligi nazarda tutilgan.

Shu bois, joriy yilning 1 martidan kuchga kirgan (O‘RQ-803-sonli) O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun haq to‘lanmagan bo‘lsa, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etiladi.

G‘.Hasanov,

O‘zA muxbiri