Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari 16 foizga kamaydi
16:38 / 2021-08-19

2021 yilning iyul oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdi sur’atlari sekinlasha boshladi va sotib olish faolligiga ta’sir qiluvchi asosiy omil pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi bo‘ldi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov ma’lum qildi.

Ushbu oyda O‘zbekistonda 18,1 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari tuzildi, bu 2020 yilning mos davriga (16,1 ming) nisbatan 12,5 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, joriy yilning iyun oyiga nisbatan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 16 foizga kamaydi. Lekin iyul oyi ko‘rsatkichlarini o‘tgan yilning iyul oyi bilan taqqoslash unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki 2020 yil iyul oyi lokdaun holati joriy etilgan edi.  

 Ko‘chmas mulk bozorida bitimlar soni kamayishining asosiy sabablari – epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi bo‘lib, buning natijasida potensial xaridorlar hozirgi bozor sharoitlarida bitimlar tuzishni foydasiz hisoblab, noaniqliklar tarqalishini kutishadi. Shu bilan birga, ta’kidlash kerakki, karantin cheklovlari butun mamlakat bo‘ylab amal qilmoqda, bu ham iqtisodiyotga bosim o‘tkazishda davom etmoqda.  

 Bu Markaz tomonidan o‘tkazilgan parallel tadqiqotda ham qayd etilgan. Xususan, kichik va o‘rta biznes vakillarining 17 foizi pandemiyaning tovarlar, xizmatlarga bo‘lgan talabga salbiy ta’sirini qayd etgan. Ko‘chmas mulk bozorida talabning sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘lgan boshqa omillar orasida aholiga berilgan ipoteka kreditlari sonining kamayishi ham bor. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida ipoteka kreditlari soni 2020 yilning mos davriga nisbatan 4,3 foizga kamaygan. Iyun oyida esa pasayish 53 foizni tashkil etdi. Umuman olganda, 2021 yilning 7 oyida berilgan ipoteka kreditlari soni o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslanganda, 19,2 foizga kamaydi.  

 O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlari asosida hududlarga keladigan bo‘lsak, joriy yilning iyun oyiga nisbatan barcha hududlarda talabning pasayishi kuzatildi. Eng yuqori pasayish sur’atlari Buxoro (27,3%), Namangan (22,1%), Qashqadaryo (20,7%), Navoiy (18,1%), Samarqand (17,8%) viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, 2021 yilning iyul oyida berilgan ipoteka kreditlari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Qashqadaryo (60,1%), Buxoro (40,3%), Jizzax (39,9%), Sirdaryo (34,1%), Surxondaryo (29%) viloyatlarida sezilarli darajada kamaydi.  

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA