Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyat boshqarmasi, uning tuman, shahar filiallari tomonidan kadastr sohasiga oid qonun, farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash, tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha belgilangan ishlar olib borilmoqda.
– Boshqarma va uning quyi tizimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi “Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2022 yil davomida 53 ming 841 ta ko‘chmas mulk ob’ektining mulkiy huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Dilshodbek Akbarov. – Ana shu mulklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hisobiga 21 milliard 405 million 33 ming so‘m miqdorida davlat boji undirildi.
Jumladan, mulkiy huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ob’ektlarning 11 ming 369 tasi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli noturar joy toifasidagi, 42 ming 462 tasi esa turar-joy ob’ekti sifatida qayd etilgan.
O‘tgan yil davomida viloyat bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 3 ming 998 ta ipoteka shartnomasi davlat ro‘yxatiga olinib, 1 milliard 309 million 875 ming so‘m davlat boji undirilishi ta’minlandi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi foydalanishiga mo‘ljallangan 66 ming 277 ta yer uchastkasining 65 ming 587 tasi yoki 99,3 foiziga bo‘lgan ijara huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
[gallery-10329]
Yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlarning kadastr pasportini shakllantirish uchun 70 ming 814 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, arizalar asosida 53 ming 401 ta ko‘chmas mulk ob’ektining kadastr pasporti tayyorlandi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvar holatiga 687 ming 711 ta ob’ekt to‘g‘risidagi ma’lumotlar idoralararo integratsiyalashgan “Ko‘chmas mulk-3” dasturiga kiritilgan bo‘lsa, yil oxiriga qadar ilgari ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan 17 ming 474 ta yangi ob’ekt, umuman, 705 ming 185 ta ko‘chmas mulk ob’ekti to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu dasturga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglamentiga asosan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 1 ming 540 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 593 tasiga Davlat kadastrlar palatasi tuman va shahar filiallari tomonidan ijobiy xulosalar berilgan.
Viloyatda joriy yilda ham ko‘chmas mulk ob’ektlarining mulkiy huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, bu borada aholi, yuridik shaxslardan tushayotgan murojaatlarni ijobiy hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (foto), O‘zA