Fevral oyida ko‘chmas mulk bozorida savdolar yanvar oyiga nisbatan 12 foizga pasayib, o‘tgan yilga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxi 0,3 foizga pasayib,birlamchi uy-joy narxi 2,5 foizga oshdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlil natijalariga ko‘ra, yanvardagi faollikning keskin tiklanishi ortidan fevralda sotuvlar 12 foizga pasayib, oldi-sotdi shartnomalari soni 22,4 mingtani tashkil etdi. O‘tgan yilga solishtirganda shartnomalar soni o‘rtacha 1 foizga o‘sdi (221 ta bitimga oshdi).
Fevral oyida hududlar kesimida sotuvlar sonida keskinroq pasayish Surxondaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida qayd etilib, sotuvlar 20 foizdan ko‘proqqa kamaygan. Toshkent shahrida ham oldi-sotdi bitimlar soni 9,5 foizga pasaygan.
Oy davomida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari 0,6 foizga pasayib, o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 1 foizga oshdi.
Yillik hisobda hududlar kesimida ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Buxoro, Jizzax va Xorazm viloyatlarida kuzatilib, o‘rtacha 8 foizni tashkil etdi.

Fevral oyida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori segmentlarida turlicha tendensiya kuzatildi.
Xususan, ikkilamchi bozorda narx 0,3 foizga pasaygan bo‘lsa, birlamchi bozorda, aksincha, narx 2,5 foizga oshdi.
O‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 5,1 foizga, birlamchi uy-joy narxi esa 3,1 foizga pasaydi.
Toshkent shahri bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxida eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida kuzatildi.
Yangi uylar narxlarida ham pasayish kuzatildi. Yil davomida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlarda eng sezilarli pasayish Uchtepa, Shayxontohur va Mirobod tumanlarida qayd etildi.
Fevralda Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxlarida biroz pasayish kuzatilib, o‘rtacha ijara narxi 8 dollarni (bir kvadrat metr uchun) tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 9,8 foizga pasaygan. Eng katta pasayish Yunusobod, Chilonzor va Olmazor tumanlarida qayd etilgan.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA