Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘chma spektakllar bepul namoyish etilmoqda
10:55 / 2023-05-14

Surxondaryo viloyat musiqali drama va viloyat qo‘g‘irchoq teatrlari san’atkorlari vohadagi maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun bepul teatr tomoshalari tashkil etmoqda.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Maktab va maktabgacha ta’lim hamda Madaniyat va turizm vazirliklari hamkorligida uyushtirilayotgan tadbirlarda yosh tomoshabinlarga qulaylik yaratish uchun sahna asarlari joylardagi madaniyat uylari va ta’lim muassasalarida namoyish etilmoqda.  

–Viloyat maktab va maktabgacha ta’lim, viloyat madaniyat va turizm boshqarmalari bilan teatr tomoshalari repertuarlarini ishlab chiqqanmiz, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi mas’ul xodimi Oltiboy Ostanaqulov. – Bunda yosh avlod qalbida milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ona Vatanga muhabbat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib sahna asarlari tanlab olingan. Ayni kunlarda viloyat musiqali drama va viloyat qo‘g‘irchoq teatrlari jamoalari belgilangan reja asosida ko‘chma spektakllarini taqdim etmoqda.

–Ikki farzandim tuman madaniyat uyida viloyat qo‘g‘irchoq teatrining “Sehrli sandiq” spektaklini tomosha qilib, bir olam taassurot bilan keldi, – deydi Sherobod tumanidagi Bog‘obod mahallasida yashaydigan Botir Jabbarov. – Asar qahramonlarining yaxshi fazilatlarini hayojon bilan so‘zlab berdi. Viloyat teatrlarining voha markazidan tashqarida ham bunday spektakllarni ko‘rsatishi qishloq bolalari uchun juda qiziqarli va zavqli jarayon. Tag‘inam tomoshalar bepul tashkil etilmoqda. Bunday ko‘chma spektakllar ham albatta, farzandlarimizning ma’nan yuksak insoniy tuyg‘ular bilan kamolga yetishiga ko‘maklashadi. Shu bois bunday tomomshalarni tez-tez uyushtirib turish kerak, deb o‘ylayman.

Vohadagi madaniyat uylari va ta’lim muassasalarida bolajonlarga taqdim etilgan sahna asarlarini o‘n mingdan ortiq o‘g‘il-qiz miriqib tomosha qildi.  

Ko‘chma spektakllar namoyishi davom etmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA