Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘chatlarning soni emas, yashab qolishi muhim
17:44 / 2023-02-14

Mana ikki yildirki, davlat rahbari tashabbusi bilan hududlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ommaviy ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda. Ekilgan ko‘chatlar soniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, anchagina salmoqli. Masalan, birgina Qashqadaryo viloyatida o‘tgan 2022 yilda 16 million donadan ko‘proq nihol ekilgan. Xo‘sh, ularning nechtasi bugun bor?

Shu va boshqa savollarga Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi  boshlig‘i Akbar Eshonqulov va boshqa mutaxassislar tomonidan OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida javob qaytarildi. 

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatning shahar va tumanlari hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022 yil davomida 16 million 356 ming dona daraxt ko‘chati ekish tashabbusi bilan chiqilgan. Viloyatdagi 2 ta shahar, 14 ta tuman, 812 ta mahalla va barcha ko‘chalarni obod qilish, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Har bir hududga mas’ullar biriktirilib, ishlar reja asosida olib borilgan. Ko‘chatlar o‘rmon xo‘jaliklari, ko‘chatchilik bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar va pillachilik korxonalari tomonidan yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 2022 yilning bahor oylarida 10 million 312 ming dona, kuz oylarida 6 million 319 ming dona ko‘chatlar ekilgan va elektron platformaga kiritilgan.

2022 yil mavsumida ekilgan 16 million donadan ziyod  daraxt ko‘chatlarini “Yashil makon” elektron platformasiga kiritish davomida yangi tizim joriy etilib, yangi ekilgan ko‘chatlarning kelgusida unuvchanligini ta’minlash hamda sug‘orish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish uchun dalolatnoma asosida mas’ullarga biriktirilgan.

[gallery-10568]

Joriy yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, 2023 yil bahor va kuz mavsumlarida jami 16,3 million dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalari ekilishi rejalashtirilgan.

Xullas, ko‘chat ekish ishlari avjida, lekin ularni saqlab qolish, ko‘karib ketishini ta’minlash borasida bunday deya olmaymiz. 

Mas’ullarga o‘tgan yilgi ekilgan ko‘chatlardan bu yilga kelib qanchasi yashab qoldi, buni aniq raqamlar bilan ayta olasizlarmi, degan savol bilan murojaat qildik. 

Ularning ta’kidlashicha, hali raqamlar aniq emas. Sababi daraxtlar uyg‘onmadi. Ammo kutilmagan anomal sovuq, ekilgan ko‘chatlarga biriktirilgan mas’ullarning e’tiborsizligi, ko‘p joylarga suv yetib bormaganligi natijasida talofat 70 foizdan baland bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda bir mulohaza va mas’ullarga taklif: ko‘chatlarni ekishdan oldin uni saqlab qolish, unib ketishi haqida o‘ylash kerak. Ekish sur’atini oshirib, ko‘chat yetishtiruvchilarning cho‘ntagina qappaytirgandan nima naf? Albatta, ekilgan ko‘chatlarni nazorat qilishga birgina ekologlarning kuchi yetmaydi. Hududlardagi 5-6 nafar nazoratchi inspektorning qo‘lidan nima ham kelardi. Tag‘in bilmadim... 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),  O‘zA