Prezident topshirig‘i amalda
Joriy yilning 28 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportni ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tomorqa, ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda oziq-ovqat va daromadli ekinlarni ekib, aktivga aylantirish masalalari keng muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari paxta va g‘alla yerlarining 260 ming gektari oziq-ovqat yetishtirish uchun ajratilgani, yaqindagina yana 104 ming gektar yer ajratishga ruxsat berilganini ta’kidladi. Bu noz-ne’matlar yetishtirish, eksport hajmini oshirishning muhim omilidir.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Namangan viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari 2024 yil 14 avgustdagi “Mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va muvofiqlikni baholash tartiblariga oid nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida izchil ishlarni tashkil etmoqda. Bunda majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan, xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga inson hayoti va sog‘ligiga, jamoat xavfsizligiga yuqori ta’sir qilishi tasdiqlangan mahsulotlar kiritildi.

Xo‘jaliklarda faqat muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan mevali hamda tok ko‘chatlarini ekish, bog‘ va uzumzorlar parvarishida agrotexnika qoidalariga rioya etish, ko‘chat plantatsiyalaridagi nihollarni aprobatsiyadan o‘tkazilishi hamda sertifikatlash ustidan doimiy nazorat va monitoring yuritmoqda. Eski bog‘lar qayta tiklanib, yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilmoqda. Bu joylarga sertifikatlangan, intensiv, tez hosilga kiruvchi mevali ko‘chatlar ekilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda Namangan viloyatida jami qarib 39 ming gektar mevali bog‘lar mavjud bo‘lib, shundan 31 ming 822 gektari hosilli bog‘, qolgan 6 ming 901 gektari yosh bog‘lar hisoblanadi. Shuningdek, 11 ming 500 gektardan ziyodrog‘i urug‘ mevali, 27 ming gektar maydoni danak mevali bog‘lar toifasiga kiradi va shundan 4 ming 200 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan. Bundan tashqari, 2025 yilda 3 ming 131 gektar maydonda zamonaviy usulda intensiv bog‘ yaratilib, 3 million 381 ming dona ko‘chat ekish ko‘zda tutilgan. Ko‘chatlar muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lsagina, yetishtirilgan mahsulotlarning barchasi sifatli bo‘lishi va ichki bozor eksport talabalariga mosligi to‘kis ta’minlanishi qonuniyatdir.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tashkil etilgan press-turda ayni shu dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi. Dastavval, Chortoq tumanidagi “Oyqironlik yosh bog‘bon” fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Egamberdiyevning 5 gektar yerdagi bog‘da shaftoli, g‘aynoli va gilos daraxtlarini zararli hasharotlardan himoyalanishning “belbog‘lash” usuli haqida mutaxassislar tomonidan atroflicha ma’lumotlar berildi.

Qayd etilishicha, an’anaviy usul orqali zararkunandalarni 40 foizgacha kamaytirishga erishilgan. Bog‘ga ekilgan sarimsoqpiyoz ko‘zdan kechirilib, parvarishlash qoidalari namoyish qilindi. Mohir bog‘bonning aytishicha, bir gektar yerni “to‘qsonbosti” ekini – piyozga tayyorlab qo‘yilgan.
– Sertifikat hujjatida ko‘chatlarning qancha hosil berishi, kasalliklardan holiligi, mevasining sifati kamida 95-100 foizga kafolatlanadi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Narimon Isomiddinov. – Ushbu muvofiqlik hujjati inspeksiyamiz qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi tomonidan taqdim qilinadi. Demak, aholiga, dehqon, fermer xo‘jaliklari, tomorqa egalari va klasterlarga yetkazib berilayotgan sertifikatli ko‘chatlarning bir qancha afzalliklari bor.
Chortoq tumanidagi “Sharifboy ota Ilhomi” fermer xo‘jaligida sertifikatlangan 40 ming tupdan ortiq turli navdagi serhosil va qimmatbaho bodom ko‘chatlari yetishtirishda o‘ziga xos tajriba bor. Fermer Bobur Tillaboyevning aytishicha, bog‘dorchilik va ko‘chatchilikka ixtisoslashgan ekin maydoni 4 gektardan iborat bo‘lib, bodomning bir nechta turlari parvarishlanadi. Shular qatorida “Burgut tirnog‘i” yangi nav hisoblanib, mevasining og‘irligi 6-7 gramm, uzunligi 7 santimetrga teng.
Mahalliy iqlimdan kelib chiqqan holda, uni Namangan shahri, Chortoq, Uychi, Uchqo‘rg‘on va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida eksa bo‘ladi. Boshqa navlar qatorida kam suv talab qilib, besh yilda hosilga kiradi va har tupidan 40 kilogacha hosil olish imkoni mavjud.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri