Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan “Yashil makon” loyihasini amalga oshirishda ko‘chatchilikni rivojlantirish va pitomniklar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha Farg‘ona viloyati tajribasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Yurtimizda yashil hududlarni kengaytirish, ekologiya va atrof-muhit musaffoligini ta’minlashdek ezgu maqsadni ko‘zlagan “Yashil makon” loyihasi umummilliy harakatga aylandi.

Joriy yilgi davlat dasturida ham 365 ming gektar yerda daraxt va butalarni ekish, 14 ta hududda botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 ta soya salqin sayr ko‘chalari, Surxondaryoda 10 ming gektarda yashil makon va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etish ishlari ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.
Seminarda hududlarning iqlim, tuproq va suv sharoitiga mos ko‘chat turlarini yetishtirishda ko‘chatchilikni rivojlantirish va pitomniklar muhim ahamiyatga egaligi alohida qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari uchun ko‘chatlarni ekish va ularni parvarishlashning ilmiy hamda amaliy jihatlari yuzasidan ma’lumotlar berildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-amaliy ishlar, intensiv bog‘dorchilik, ko‘chatchilik, eksport va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida kompleks faoliyat amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Shuningdek, seminar doirasida Quva tumanida ko‘chat ekish aksiyasi tashkil etildi.
M.Komilova,
O‘zA