Ayni kunda Buxoro viloyati O‘rmon xo‘jaligi boshqarma tizimida 9 ta o‘rmon xo‘jaligi, 2 tadan ov hamda foydali giyoh yetishtiriladigan dorivorchilik xo‘jaligi, shuningdek, ilmiy-tajriba xo‘jaligi hamda viloyat hududiy biolaboratoriya faoliyat yuritmoqda.
Bugunga kelib tizimdagi korxona va boshqa sub’ektlar tomonidan umumiy tasarrufga olingan yer maydoni 576 ming gektar bo‘lib, shundan 445 ming gektar maydon o‘rmon va to‘qayzordan tashkil topgan.
Buxoro viloyat hokimining “Yashil qoplamalar” barpo qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 2022–2026 yillarda umumiy maydoni 200 ming gektarda “yashil qoplama” yaratish –ihotalash choralarini ko‘rish, ekish ishlarini amalga oshirish harakatiga kirishilgan.

Jumladan, Kogon ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan ekologik muvozanatni saqlash, cho‘llanishga qarshi kurashish va yashil hududlarni kengaytirish maqsadida manzarali va mevali daraxt urug‘lari yig‘ilib, ularning zaxirasi shakllantirilmoqda.

Xususan, tut, qayrag‘och, o‘rik, ipak akatsiyasi, yapon saforasi, sharq tuyasi kabi daraxt turlarining urug‘lari jamg‘arilgan bo‘lib, bugungi kunda tut va qayrag‘och urug‘lari ekilib, ko‘chatxonalar tashkil qilinmoqda. Xuddi shunday, o‘tgan mavsumda ekilgan va parvarishlangan manzarali hamda mevali ko‘chatlarga zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirilib, ular tayyor nihol holatiga keltirilmoqda.

Hozirda xo‘jalikka qarashli 4 gektar maydonda tashkil etilgan niholzorlarda 8 turdagi, jami 250 ming tupga yaqin nihollar parvarishlanmoqda. Bular kelgusida mintaqada yashil hududlarni kengaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, xo‘jalik tomonidan tuman hududida o‘suvchi dorivor o‘simliklarni yig‘ish, ularni maxsus texnologiyalar asosida qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha loyihalar ham ishlab chiqilmoqda. Bu esa nafaqat ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham foydali yo‘nalishlardan biridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.