Mamlakatimizning yashillik darajasini oshirish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi qizg‘in amalga oshirilmoqda. Bahorgi mavsum ishlari davom etayotgan ayni paytda O‘zbekiston Ekologik partiyasining olimlar korpusi vakillari loyiha doirasida daraxtlarni ekish va parvarishlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib borishni maqsad qilgan. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Olimlar va mutaxassislarning yer maydonini tanlash, tuproqni ekishga tayyorlash, ko‘chatga bo‘ladigan talablar, sug‘orish va oziqlantirish borasidagi tavsiyalari bugun keng ko‘lamda olib borilayotgan ko‘chat ekish ishlari samaradorligida muhim o‘rin tutadi.
Tavsiyalarga ko‘ra, ko‘kalamzorlashtirish uchun avval o‘sha joyning relefi, tabiiy-iqlim va tuproq sharoitlari o‘rganilishi lozim. So‘ngra yer qoldiqlardan tozalanadi, qurigan daraxt shox-shabbalari, to‘nkalari olib tashlanadi, maydon tekislanadi. Ko‘kalamzorlashtiriladigan maydonda daraxtzorlar bo‘lsa, tartibga keltiriladi, ya’ni kasallangan daraxtlar va butalar kesiladi.
Ekiladigan maydonni tekislash jarayonida og‘ir loyli tuproq va mayda qurilish chiqindilarini tekislash ishlarida qo‘llash mumkin. Bunda ular tabiiy tuproq bilan 50/50 nisbatda aralashtiriladi. Chuqurlarni tekislashda daraxtlar uchun zararli bo‘lgan fabrika va zavodlarning zaharli chiqindilarini qo‘llash mumkin emas. Zarur bo‘lsa chuqurlarni yengil, o‘rta, og‘ir qumoqli tuproqlar bilan to‘ldirish talab etiladi. Chunki bunday tuproqlar ancha madaniylashgan hisoblanib, o‘zida zarur oziq elementlarini saqlashi bilan birga suv, havo rejimini ham yaxshi ushlab turadi.
Tuproqni ekishga tayyorlashda unga chuqur (60 sm) ishlov berish tavsiya etiladi. Daraxt ko‘chatlari ekiladigan maxsus chuqurchalarning eni 90-100 sm, chuqurligi 70 sm bo‘lishi kerak. Bu ko‘chat ildizlarining bir tekis joylashishini ta’minlaydi. Asfaltlangan yo‘lkalar chetiga ekiladigan ko‘chatlarning atrofi 1,5-2,0 m aylana shaklda ochiq bo‘lishi shart. Tuproq kuchli zichlangan bo‘lsa, chuqurlarning tubi va devorchalarini 15-20 sm yumshatish zarur.
Chuqurlarni ekishdan bir necha kun oldin tayyorlab qo‘yish tuproqning cho‘kishini hisobga olgan holda hamda tuproqda havo almashishini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladi. Oziq elementlari kam bo‘lgan tuproqqa ko‘chatlar ekishda chirindili tuproq aralashmasidan qo‘shib ko‘mish tavsiya etiladi. Ko‘chatlarning tagi tuproq bilan to‘ldirilganda, keyinchalik uning cho‘kishi hisobga olinishi kerak. Shuning uchun ko‘milgan tuproq tabiiy yer sathidan 10 sm yuqori holda zichlanishi zarur.
Ko‘chatlar sifatli va standartga mos bo‘lishi ularning unib ketishida muhim. Shu bois ko‘chat tanlashda ham alohida talablar bor. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ko‘chat qiyshiq, singan, shilingan bo‘lmasligi, ildiz tarmog‘i qalin, zich, bir tekisda bo‘lishi zarur. Ko‘cha va xiyobonlarga ekiladigan ko‘chatlar alohida sifatli bo‘lishi shart. Yaproq bargli ko‘chatlarning bo‘yi 1,2-2,0 m (2-3 yoshli), nina bargli ko‘chatlarning bo‘yi esa 1,0-1,5 m (4-5 yoshli) bo‘lishi kerak.
Olimlar qurg‘oqchil tuproqlar uchun suvsizlikka chidamli daraxt turlari — dala zarang, aylant, mayda bargli qayrag‘och, pensilvan shumtoli, yapon tuxumagi kabilarni ekishni tavsiya etishadi.
Ta’kidlash joizki, “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlarni ekish talablariga rioya qilgan holda, chin ko‘ngildan amalga oshirish, o‘tqazilgan ko‘chatlarni vaqtida parvarishlash ularning unib-ko‘karib ketishini ta’minlaydi. Bu esa ekologiyamizni asrash, atrof-muhit musaffoligini saqlash va yashil maydonlar kengayishiga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova tayyorladi.