FOTOREPORTAJ
Daraxt, yashillik — hayot timsoli. Shu bois ham azaldan xalqimizda ko‘chat ekib, bog‘ yaratish an’anasi shakllangan. Ushbu ezgu amallar bugungi kunda umummilliy loyihaga aylandi.
Yurtimizning har bir go‘shasida bahorgi ko‘chat ekish mavsumi uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Aholi vakillari,jamoalar, tashkilot va muassasalar yashillikka hissa qo‘shishga harakat qilmoqda. Jumladan, Termiz davlat universitet jamoasi ham hududlarda “Yashil makon” doirasida o‘z bog‘ini tashkil etayapti.
Universitet kampusiga qarashli hududda 3000 mingdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar, gullar ekilgan bo‘lsa, universitet balansidagi “Darband o‘quv amaliyot bazasi”da jami 6000 tup turli navdagi ko‘chatlarni ekish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish ekologik muammolarni hal etishda muhim o‘rin tutadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qizg‘in ruhda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida besh yil davomida jami 1 milliard daraxt ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilgan. Keng jamoatchilikning ushbu loyihada faol qatnashishi esa ko‘rkam bog‘lar yaratilishiga, yurtimizning yashillik darajasi ortishiga xizmat qiladi.
[gallery-16912]
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA fotomuxbiri