Avgust oyining boshlarida bir do‘stimizni yarim kechasi Guliston shahrining yonginasida joylashgan (yangi bozor atrofidagi) namunali uylar qurilgan “Yangi avlod” mahallasiga tashlab o‘tdik.
Qaytayotganimizda bemahalda ko‘chaning chetida turib, qo‘l telefoni chiroqchasini yoqib, qo‘li bilan ishora qilib turgan 10 yoshlardagi qizaloqqa ko‘zim tushdi. Tungi soat 23:00 larda bu qizaloq nima qilib turibdi ekan, deb xavotirlanganimdan mashinada uning yoniga bordim. “Qizim, bemahalda nima qilib turibsan?” deb so‘radim.
– Onamning qon bosimi oshib ketdi. “Tez tibbiy yordam” mashinasini kutib turibman, amaki, dedi u.

– “Tez tibbiy yordam” mashinasini uyingda o‘tirib kutmaysanmi, – dedim hayron bo‘lib.
– Uyimizning raqami, ko‘chamizning nomi yo‘q-da. Buning ustiga hamma uylar bir xil bo‘lsa. Bu yerda kim “skoriy” chaqirsa, ko‘chaga chiqib kutib oladi, bo‘lmasa do‘xtirlar uyni topa olmaydi, – dedi bu holatga ko‘nikib ketgan qizcha.
Bu orada zangori chiroqlarini lipillatib “skoriy” ham kelib qoldi. Men esa bu mavzuga oydinlik kiritish uchun tunggi soat 24:00 ga yaqin Guliston shahar “Tez tibbiy yordam” bo‘limiga kirib bordim. Xullas, Guliston shahar tez tibbiy yordam stansiyasining navbatchi katta shifokori Abubakir Mirzayev kelganimning boisini bilgach, “yorildi”.
– Hozirgi kunda viloyat markazi Guliston shahrida statistika bo‘yicha 86 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda. Shahar aholisiga Guliston shahar tez tibbiy yordam bo‘limida 45 shifokor 7 ta zamonaviy maxsus avtotransportda xizmat ko‘rsatmoqda. “Tez tibbiy yordam” chaqirayotgan bemorlarimizning yashash manzillarini topib borishda qiyinchiliklarga duch kelayapmiz. Ayniqsa, yangi qurilgan namunali uylardan chaqiruv bo‘lsa, bemorning uyini topib borishimiz oson kechmayapti. Hamma uylar, darvozalar bir xil, na ko‘chaning nomi bor, na uylarning raqami. O‘sha chaqiruv bo‘lgan xonadondan kimdir chiqib, bizni kutib oladi. Ko‘chalarning nosozligi, o‘ydim-chuqurligini aytmasa ham bo‘ladi. Ilgari ko‘chalarda uylarning bir tomoni toq sonlar, bir tomoni juft sonlar bilan raqamlanar edi. Hozir negadir bu qoidalarga amal qilinmayapti. Ayniqsa, shaharning Ulug‘obod qo‘rg‘onida, Baxt massivida, Yangi barpo bo‘lgan 6-mavzelarda xonadonlarni topib borishimizda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz. Xullas, asosiy vaqtimiz bemorlarning manzilini qidirish bilan o‘tayapti. Eng yomoni, aholining shu tariqa kechroq yetib kelgan “Tez tibbiy yordam”ga nisbatan ishonchi susaymoqda. Bu masalada hokimiyatga ham, mahalla oqsoqollariga ham bir necha marotaba murojaat qilganmiz. Biroq natija bo‘lmayapti.
Sayxunobod tumanidagi tez tibbiy yordam bo‘limi katta shifokori Muhabbat Ismoilova ham bu borada shunday deydi:
– Tez yordamda 2012 yildan buyon ishlab kelaman. Bemorlar tomonidan chaqiriq bo‘lganda ularning uylarini kunduzi so‘rab-surishtirib topib olamiz. Kechalari esa qiyin bo‘layapti. Sababi tumanimizdagi mahallalarning ko‘pchiligida ko‘chalarning nomi, xonadonlarning esa raqami yo‘q. Bu ishimizga xalal beradi, aholi uchun ham oson bo‘lmaydi. Bu muammo hal etilsa, biz, shifokorlarga ham bemorlarimizning manzilini tez fursatda topib, tibbiy xizmatni asabbuzarliksiz ko‘rsatar edik.

Toshkent-Termiz katta yo‘lining Sirdaryo tumani “Islomobod” MFY hududida joylashgan tez tibbiy yordam bo‘limi mudiri Faxriddin Mirazimov ham ayni fikrda.
Bunday holat faqat Sirdaryodamikan, degan o‘yda, qo‘shni Jizzax viloyatidagi holatni surishtirsak, bu “Tez tibbiy yordam”dagi shifokorlarning og‘riqli nuqtasi ekan.
– Shifokorlarning vaqti noaniq manzillarni qidirish bilan o‘tmoqda, – deydi Sharof Rashidov tumani “Tez tibbiy yordam” mudirasi Dilbar Hamidova. – Yo‘llarning buzilib ketganligi, uylarning tarqoq joylashganligi, “Tez tibbiy yordam” mashinalariga va shifokorlariga ham qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Tumanimizning “Tokchilik”, “Qo‘shbarmoq” kabi massivlaridagi bir necha yuzlab uylarning raqamlari, ko‘chalarning nomlari garchi aholi bu yerda bir necha yillardan buyon istiqomat qilayotgan bo‘lsada, xanuzgacha yo‘q.
Tushunishimizcha, chaqiruv bo‘lsa Gulistondagi o‘sh qizcha kabi bu yerda ham kimdir ko‘chada turib, “skoriy”ni kutib olishi kerak bo‘ladi.
Xalqimiz bugundan ertasi yanada porloq bo‘lishini istab, ezgu niyatlar bilan hayot kechirmoqda. Hududlardagi mutasaddilar bunga e’tibor qaratsa aholi va tibbiyot xodimlari uchun ancha yengillik bo‘lgan bo‘lardi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA