Sirdaryoda ko‘chalar xaritasi yangilanmoqda. Viloyatning barcha shahar va tumanlarida olib borilgan keng qamrovli toponimik ishlar natijasida joriy yilning yanvar–iyul oylarida 7696 ta ko‘cha, tor va berk yo‘llar ilk bor rasman nomlanib, Davlat reyestriga kiritildi. Bu — hudud infratuzilmasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan eng yirik tartibga solish jarayonlaridan biridir.
Kadastr agentligining ijobiy ekspertiza xulosalari asosida xalq deputatlari mahalliy kengashlari qabul qilgan qarorlar orqali kuchga kirgan ushbu o‘zgarishlar navigatsiya tizimi, tez yordam, pochta va boshqa muhim davlat xizmatlarining yanada aniq va tezkor faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Eng muhimi, har bir murojaat, har bir manzil, har bir xonadon endi aniq va yagona tartib asosida belgilanadi.

– Viloyatimizdagi har bir mahallaning ko‘chalar tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasining «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq yangicha tartibda shakllantirildi, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘aybulla Yusupov. – Xaritalar shoh, tor va berk yo‘llarga ajratilgan holda to‘liq yangilandi va tasdiqlash uchun mahalliy kengashlarga taqdim etildi. Shu bilan birga, ko‘cha nomlarini joyiga qo‘yish, ya’ni ko‘rsatkich lavhalarni o‘rnatish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu aholi va mehmonlar uchun qulaylik yaratib, infratuzilmadagi aniqlikni ta’minlaydi.

Boyovut tumanida — 772 ta, Sirdaryo tumanida — 279 ta, Xovosda — 292 ta, Guliston shahrida — 71 ta, Yangiyerda — 6 ta, Oqoltinda — 2 ta, Mirzaobodda — 19 ta va Sayxunobodda — 9 ta ob’ekt bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, ekspertiza orqali tasdiqlandi.
Bugungi kunga qadar viloyatda 221 ta mahalla, 5 ta istirohat bog‘i, 4 ta maydon, 5 ta xiyobon, 12 ta ziyoratgoh va 177 ta qabriston rasman nomlangani hududning toponimik xaritasi yil sayin to‘ldirilib, takomillashtirilayotganini ko‘rsatadi.
– Toponimika — bu oddiy nom berish emas, balki milliy o‘zlikni mustahkamlash, tarixiy xotirani asrash, davlat tili va madaniyatini yuksaltirishning muhim omillaridan biridir, – deydi G‘aybulla Yusupov. – Shu bois har bir ko‘cha yoki mahalla nomi o‘sha hududning tarixi, ruhi va kayfiyatini aks ettiradi. Bu borada Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar tartib va madaniyatni mustahkamlashga qaratilgan islohotlarning muhim bo‘g‘inidir.
Ayni paytda viloyatda toponimika sohasidagi ishlar izchillik bilan davom etmoqda. Yangi nomlar, yangilangan xaritalar, zamonaviy ko‘rsatkichlar — bularning barchasi hududning jadal rivojlanayotganini, boshqaruv va infratuzilmada yangi bosqichga qadam qo‘yilganini anglatadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri