Joriy yilning 2 noyabr kuni ertalabdan poytaxtda yoqqan yomg‘ir shaharning ayrim ko‘chalarida suv to‘planib qolishiga sabab bo‘ldi. Natijada transport qatnovi ancha qiyinlashdi va ko‘chalarda tirbandliklar kelib chiqdi. Maxsus mashinalarga o‘rnatilgan moslamalar bilan to‘plangan suvlarni tortib olishga to‘g‘ri keldi. Yo‘llardagi holat aks etgan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Holat bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi izoh berdi. «Shu kunlarda kommunal va obodonlashtirish sohasi vakillarining asosiy kuchlari ariqlar va drenaj tizimlaridagi chiqindilarni chiqarishga va suv yo‘llarini ochishga qaratilgan. Ushbu vaziyatning yagona sababi – chiqindilarning belgilangan joylarga emas, balki yo‘llarga va ariqlarga tashlab ketilishi. Kelajakda bunday holatlar qaytarilmasligi uchun chiqindilarni faqat belgilangan joyga tashlashingizni, bu orqali, poytaxtimiz ozodaligiga o‘z hissangizni qo‘shishingizni so‘raymiz!», deyiladi hokimlik matbuot xizmati xabarida.
Iltimos tariqasidagi bunday ogohlantirish kimnidir vijdonini uyg‘otsa, kimgadir umuman ta’sir qilmasligi tabiiy hol.
Xo‘sh, aslida ko‘chaga chiqindi tashlaganlarga nisbatan qanday javobgarlik choralari qo‘llaniladi?
— Chiqindilar bilan bog‘liq qonun buzilish holatlari ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91 va 3ta prim moddasida belgilab berilgan, — deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Umarjon Abdullayev. — 91-1-moddasiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobaridan 3 barobarigacha, mansabdor shaxslarga 10 barobaridan 20 barobarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shuningdek, huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobaridan 10 barobarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 barobaridan 30 barobarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zA muxbirining mazkur holat bo‘yicha o‘rganishlari natijasida yurtdoshlarimiz ham o‘zlarining takliflari, fikr-mulohazalarini aytib o‘tishgan.
Shaharsozlik hamda yo‘lsozlik normalaridan kelib chiqib beton ariqlarning oxirini kanalizatsiya tarmog‘iga ulash, ariqlardagi suvlarning oqib boradigan manzili bo‘lishi zarurligini bildirishgan.
Oldinda bizni qish faslining qor-qirovli va yomg‘irli kunlari kutib turibdi. Muammoga aybdor qidirib, vaqt yo‘qotgandan ko‘ra, tezroq beton ariqlar masalasiga yechim topib, suv to‘planishining oldi olinishi maqsadga muvofiq, deyiladi bildirilgan munosabatlarda.
N. Rahmonova, O‘zA