Koronavirus pandemiyasi sabab mamlakatimizda ham fuqarolarga ko‘chaga niqobsiz chiqmaslik talabi qo‘yilgan. Tibbiy niqob sotib olish esa muammo emas. Ko‘cha-kuyda, bozorlarda, hattoki deyarli har bir metro bekatlari yonida tibbiy niqob sotayotgan sotuvchini uchratasiz. bugungi kunda tibbiyot niqoblarini bozorlarda bemalol sotish va sotib olish mumkin.
Bu kabi tibbiy niqoblar belgilangan standart talablariga javob beradimi, kasallikdan himoya qiladimi? Bu kabi savollarga Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Lochinbek Xudoyorov quyidagicha javob berdi.
– Sog‘liqni saqlash vazirining 2020 yil 20 martdagi tegishli buyrug‘i bilan tibbiyot niqoblari tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarilgan, – deydi L.Xudoyorov.
– Endilikda, tibbiyot niqobini ishlab chiqarish, tayyorlash hamda uni realizatsiya qilish uchun litsenziya talab etilmaydi. Shuningdek, tibbiyot niqobini amaliyotda qo‘llash uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Ammo tibbiyot niqoblari tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarildi, degani uning sifati nazorat qilinmaydi, degani emas.
Niqob o‘ziga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishi uchun ishlab chiqaruvchilar ularni tayyorlashda tibbiy himoya vositalariga qo‘yiladigan barcha texnik talablarga qat’iy amal qilishlari zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat standartining 2020 yildagi tegishli qarori bilan noto‘qima polotnodan tayyorlanadigan tibbiyot niqoblariga qo‘yilgan asosiy talablar mavjud. Mazkur qaror «Masks medical. Requirements and test methods» standart talablari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2020 yilning 1 iyulidan kuchga kirgan. Ushbu standartga muvofiq, tibbiyot niqoblariga qo‘yilgan asosiy parametr va xususiyatlar o‘rnatilgan, xususan tibbiyot niqoblari filtrlash (old) qismi (korpus), elastik lentalar (ular yordamida niqob boshga taqiladi) va niqobning yuqori qismini moslashuvchan shaklga keltirish uchun mo‘ljallangan plastik sim kabi tarkibiy qismlardan iborat bo‘lishi shart.
Iste’molchilar bilan kelishilgan holda tibbiyot niqobi turli ranglarda ishlab chiqarilishi, shuningdek, har xil shakl va tuzilish, qo‘shimcha funksiyalarga, xususan, yuz qismini yopib turadigan qavatga va terlashga qarshi funksiyali yoki bu funksiyasiz yoxud burun fiksatoriga (burun shakliga moslashuvchan bo‘lib, yuzga yopishib turishi uchun) ega bo‘lishi mumkin. Filtrlash qismi (korpus) filtratsiya qavatdan iborat bo‘lib, ikkita tashqi qavatlar orasida joylashgan bo‘lishi lozim.
Undan foydalanganda niqob qatlamlarga ajralmasligi, parchalanmasligi va yirtilmasligi kerak. Niqob filtrlash qismida 1 mm.dan katta bo‘lgan qattiq ikki tomoni ochiq teshiklar, yirtilishlar bo‘lishi va sirti ifloslanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Niqobning o‘ramsiz og‘irligi 10 grammdan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Agarda, iste’molchi xarid qilgan noto‘qima polotnodan tayyorlangan tibbiyot niqobi yuqoridagi talablarga javob bermasa, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining «1159» ishonch telefoniga murojaat qilishi zarur.
O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.