English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘chada qolib ketishdi
12:54 / 2024-02-05

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Umra amalini bajarish uchun Makka va Madina shaharlariga kelgan va vatanga qaytish bilan bog‘liq muayyan qiyinchiliklarga duch kelgan o‘zbekistonlik ziyoratchilar haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.

O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi xabariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning safarlari xususiy sayyohlik kompaniyalari tomonidan tashkil etilgan. Mazkur holat aviaqatnovlarni amalga oshirishdagi texnik nosozliklar, shuningdek, turistik kompaniyalarning bu kabi safarlarni tashkil etishda zaruriy malaka va tajribaga ega emasligi tufayli yuzaga kelgan.

Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekiston Transport vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda o‘zbekistonliklarni qaytarish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda, qo‘shimcha reyslar jadvali tuzildi.

2024 yil 4 fevral holatiga ko‘ra, ziyoratchilarning bir qismi O‘zbekistonga qaytarildi, qolgan fuqarolari ham yaqin fursatlarda vatanga yuboriladi.  

"O‘zbekistonning Ar-Riyozdagi elchixonasi va Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni o‘z nazoratiga olgan va doimiy ravishda monitoring olib bormoqda hamda yurtdoshlarimizga zarur konsullik, huquqiy va boshqa yordamlarni ko‘rsatmoqda.  

Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarimizdan xotirjamlikni saqlashga va Saudiya Arabistonidagi mavjud qoidalarga rioya qilishlariga chaqiramiz", - deyiladi xabarda.  

Sh.Mamaturopova, O‘zA