Ma’lumki, joriy yilning 31 yanvar kuni Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Yangihayot tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v,z» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi shaxs (29 yoshli erkak) Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Mazkur jinoyat yuzasidan Xalqaro press klubda tashkil etilgan navbatdagi sessiyada Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Ma’rufova quyidagilarni ma’lum qildi.
"Yangihayot tumanida sodir etilgan jinoyatdan hamon o‘zimga kelolmayapman, – deydi Gulnora Ma’rufova. – Bu xabar barchani larzaga keltirdi. Mana, nega biz qonunchilikni kuchaytiryapmiz, qonunga itoat etilishini so‘rayapmiz?! Bugun bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha muhim ishlar olib borilyapti. Jinoyatlarni kamaytirish uchun tegishli qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi xususida ham bir qancha tortishuvlar, har tomonlama yondashuvlar bo‘lyapti. Ammo ruhiy tomondan, iqtisodiy tomondan zo‘ravonliklar ko‘payayotganligini ham aytib o‘tishim kerak".
"Bir narsani yaxshi bilishimiz kerakki, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi qizlarimizni ko‘chada, maktabda qaysidir ma’noda himoya qilishga mas’uldir, – deydi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova. – Lekin ularning xavfsizligini ta’minlaydigan tashkilotlar bu borada o‘zlarining ishlarini puxta olib borishsa, yaxshi bo‘lardi. Biz afsuski, ayollarga o‘tkazilayotgan tazyiq-zo‘ravonlikning oldini olishda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bunga mas’ul, deb o‘ylaymiz. Lekin, yana bir bor aytaman. Bu borada xotin qizlarni xavfsizligini ta’minlashda mas’ul tashkilotlar bor".
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA