Kecha Kobul aeroportida ikkita portlash sodir etildi, portlashlarning biri Baron mehmonxonasi yaqinida uyushtirilgan. Bu yerda xorijliklar, jumladan AQSH va Buyuk Britaniya fuqarolari bo‘lgan. Birinchi portlashda terrorchi o‘zini o‘zi portlatgan, ikkinchisida minalashtirilgan avtomobil portlatilgan.
RIA Novosti agentligining Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vazirligi manbalariga tayanib yozishicha, Kobulda uyushtirilgan portlashda 1 ming 300 kishi turli darajada jarohat olgan.
Qurbonlar soni 60 kishiga yetdi, deyiladi xabarda.
Bundan avvalroq Wall Street Journal nashri terakt oqibatida afg‘onistonlik 90 kishi qurbon bo‘lganini yozdi. Pentagonning tarqatgan ma’lumotiga ko‘ra, qurbon bo‘lganlarning 13 nafari amerikalik harbiylar bo‘lgan.
Omaviy axborot vositalarining yozishicha, portlashga javobgarlikni Islom davlati terrorchilari o‘z zimmasiga olgan. AQSH tomonining bildirishicha, hujumga Islom davlati tarkibiga kiruvchi “Xuroson viloyati” terrorchilari aloqador bo‘lgan.
Keyinchalik Kobulda yana bir nechta portlashlar sodir etildi. Amerika harbiylarining izoh berishicha, ushbu portlashlarni ularning o‘zlari nazorati ostida amalga oshirilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden “Xuroson viloyati” yetakchilariga va ob’ektlariga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan. U hujumga javobgarlar albatta topilishi va jazolanishini aytgan.