Ko‘zi ojizlar uchun innovatsion kompyuter markazi ish boshladi
Shuningdek, ushbu kompyuterlardagi 300 dan ortiq audiomaterial ko‘rish imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning kitobxonlik ko‘nikmalari shakllanishida yordam beradi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Koʻngil koʻzi” loyihasi doirasida Toshkent shahar ko‘zi ojizlar maxsus maktab-internatida maxsus jihozlangan innovatsion kompyuter markazi tashkil etildi. Bu haqdagi ma’lumotlarni agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoeva o‘z telegramm kanalida joyladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu markaz ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun zamonaviy kommunikatsion bilimlarni egallash, butunjahon internet tarmog‘idan foydalanish ko‘nikmalarini uyg‘otish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Agentlik tomonidan taqdim etilgan kompyuterlar maktab o‘quvchilari imkoniyatlariga moslashtirilgan. Ya’ni ekranda nutq interfeyslari orqali maxsus o‘qish dasturi yordamida matn bloklari, yorliq nomlari va menyu bandlari ovozli eshitiladi.
Shuningdek, ushbu kompyuterlardagi 300 dan ortiq audiomaterial ko‘rish imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning kitobxonlik ko‘nikmalari shakllanishida yordam beradi.
–Bugun ana shu kompyuter markazining tantanali ochilish marosimini o‘tkazib, maxsus maktab-internat ixtiyoriga topshirdik. Sevimli adibimiz Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining audio talqinini maktab fondiga sovg‘a qildik, deya izoh qoldirdi S.Mirziyoeva.