Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘ptarmoqning samarasi ko‘p
11:13 / 2016-06-08

Jizzax viloyatida 2013-2015-yillarda 9 ming 739 fermer xo‘jaligining 3 ming 216 tasi ko‘ptarmoqli xo‘jalikka aylantirildi.

Jizzax viloyatida 2013-2015-yillarda 9 ming 739 fermer xo‘jaligining 3 ming 216 tasi ko‘ptarmoqli xo‘jalikka aylantirildi.

Prezidentimiz rahnamoligida fermerlik harakatini rivojlantirish, uni qishloqda yetakchi kuchga aylantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaliklari safi kengayib, ular tomonidan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Do‘stlik tumanidagi “Zarbuloq” ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaligida paxta va g‘alladan yuqori hosil yetishtirilishi bilan birga, chorvachilik va asalarichilikda ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Xo‘jalikda 40 bosh qoramol, 100 bosh qo‘y-echki va 30 quti asalari boqilmoqda.

Fermer xo‘jaligi 2013-2015-yillarda qariyb 814 tonna paxta, 1 ming 340 tonnadan ortiq g‘alla, 7 tonnadan ziyod sut, salkam 4,5 tonna go‘sht va 600 kilogramm asal yetishtirdi. Shu yillarda xo‘jalik barcha tarmoqlardan 162 million so‘m sof foyda oldi.

Tajribali dehqon Quvondiq Esirgapov tuman fermerlar kengashining raisi sifatida hududda xo‘jalik yuritishning ko‘ptarmoqli usulini kengaytirishga ham faol ko‘maklashmoqda. Ayni paytda tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan 688 fermer xo‘jaligining 184 tasi ko‘ptarmoqlidir.

– Prezidentimiz rahnamoligida ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor qishloq xo‘jaligi rentabelligini oshirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda, – deydi Quvondiq Esirgapov. – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan birga, uni qayta ishlash korxonalari barpo etayotgan ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaliklari aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi loyihalarning asosiy qismi ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili viloyat qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan 664 loyihaning 90 foizdan ortig‘i fermerlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Natijada 2 ming boshdan ziyod naslli qoramol, 332 ming bosh parranda boqish yo‘lga qo‘yildi. 3 ming gektardan ortiq intensiv bog‘ va tokzor barpo etildi.

Joriy yilda qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlar yanada chuqurlashtirilib, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda qariyb 48 milliard so‘mlik 3 ming 158 loyiha ustida ish olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning asosiy qismi ilgari paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida chorvachilik, parrrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik yo‘nalishlarini ham yo‘lga qo‘yish, ko‘ptarmoqli xo‘jalikka aylantirish hisobidan amalga oshirilayotir.

Viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan tadbirlar rejasiga ko‘ra, yangi loyihalarning amalga oshirilishi kartoshka yetishtirishni 16, sabzavotni 23, meva va uzumni 14, go‘sht, sut va tuxumni 6, asalni 27, baliqni 11 foizga ko‘paytirish imkonini beradi.

Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar samarasi bozorlarimiz to‘kinligi va mahsulotlar arzonligi, eng muhimi, xalqimizning farovon hayotida namoyon bo‘lmoqda.