Koʻpchilik koʻp yillar intiqib kutgan islohot
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda urbanizatsiya darajasi 50,5 foizni tashkil etadi, yaʼni mamlakat aholisining shuncha foizi shaharlarda yashaydi.
Sh a r h
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda urbanizatsiya darajasi 50,5 foizni tashkil etadi, yaʼni mamlakat aholisining shuncha foizi shaharlarda yashaydi. BMT tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro reytingga koʻra, Oʻzbekiston ushbu koʻrsatkich boʻyicha dunyoning 233 mamlakati orasida 155-oʻrinni egallab turibdi.
Ayni vaqtda Oʻzbekistonda qishloq aholisining hududiy mobilligi, yaʼni migratsion harakati sust darajada boʻlib, buning oqibatida qishloqlarda aholining bandlik darajasi pastligicha qolmoqda.
Shuningdek, shaharlardagi mavjud uy-joylar, ayniqsa, kichik va oʻrta shaharlarda kommunal xizmatlar yetarli darajada taʼminlanmagani, uy-joy qurilishi siyosatining maqsadli uzoq muddatli strategiyasi yoʻqligi – eng katta muammolardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, eskirgan qurilish meʼyorlari va qoidalari, jumladan, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda izchil tizim yoʻqligi ham uy-joy qurilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, uy-joylarni loyihalashtirish va uy-joy komplekslarining sifati pastligicha qolmoqda.
Mazkur masalalar va boshqa muammolar mamlakatimizda urbanizatsiya jarayonini jadallashtirishga va iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda.
Xorijiy tajribadan maʼlumki, aholining yuqori darajada mobilligi va erkin harakatlanishi davlatlar rivojiga, aholining turmush darajasi ortishiga salmoqli ulush qoʻshadigan omillardan biridir.
Shu maʼnoda, Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda hududlarni kompleks rivojlantirish va aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish zarurligi alohida taʼkidlanganini nafaqat xalqimiz, balki keng xalqaro jamoatchilik vakillari ham olqishlamoqda.
Murojaatnomada joriy yilda yettita yirik shahar – Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Fargʻona, Namangan va Nukus, Nukusga yoʻldosh boʻlgan 12 shaharcha tanlab olinib, ularni rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilandi.
Yuqorida sanab oʻtilgan muammolardan kelib chiqsak, Prezidentning mazkur tashabbusi orqali berilgan vazifalarning naqadar toʻgʻri va hayotiy ekanini, odamlarimiz bundan nima uchun bu qadar mamnun boʻlishayotganini anglash qiyin emas.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, hozirgi vaqtda jahonning eng katta megapolislarida dunyo aholisining atigi 18 foizi yashaydi, biroq ular barcha iqtisodiy boyliklarning uchdan ikki qismini va 10 ta innovatsiyaning 9 tasini ishlab chiqaradi.
Shaharlar doimo inson taraqqiyotining yadrosi boʻlib xizmat qilib kelgan. Aynan shaharlarda boylik toʻplanib, millionlab odamlar turmush darajasi koʻtarilgan.
Murojaatnomada shu masalaga bogʻliq ravishda, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish oʻrinlari yaratilayotgan hududlar oʻrtasida juda katta tafovut mavjudligi va buning yechimi ichki migratsiyani erkinlashtirish ekani taʼkidlab oʻtildi. Haqiqatan ham, ayni vaqtda Oʻzbekistonda aholining ichki migratsiyasini hisobga olishning eskirgan tizimi aholi punktlaridagi infratuzilmaning demografik yukini aniq darajada baholashga imkon bermayapti.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda aholini zich va kam yashaydigan hududlar oʻrtasida teng ravishda taqsimlash, shuningdek, ishchi kuchi ortiqcha boʻlgan hududlardan ishchi kuchi kam boʻlgan mintaqalarga migratsiya oqimini yoʻnaltirishga imkon beradigan yagona migratsiya siyosati mavjud emas. Aynan shu jihatdan davlatimiz rahbari Hukumatga parlament bilan hamkorlikda 2020-yil 1-aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganib chiqish va aniq takliflarni ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.
Binobarin, qishloq aholisining shaharlarga koʻchishini ragʻbatlantirish, urbanizatsiya va propiska tizimini isloh qilish – bu mamlakatni barcha soha va tarmoqlarda jadal rivojlanishiga olib kelishi xalqaro tajribadan yaxshi maʼlum.
Jumladan, ushbu omil odamlarning turmush darajasi koʻtarilishini taʼminlaydi, ularning farovonligini oshiradi. Shuningdek, ishchi-xodimlarning raqobatlashuvi oqibatida ishlab chiqarish samaradorligining ortishiga va natijada ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorlarida yuqori raqobatdoshligini taʼminlash imkonini yaratadi. Bundan tashqari, aholi turmushi farovonligini oshirish soliqlarning tushumini koʻpaytiradi, bu esa koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilaydi.
Shu maʼnoda Prezidentning mazkur insonparvar gʻoyasi koʻpchilik koʻp yillar intiqib kutgan, xalq dardiga darmon boʻlguvchi islohot sifatida katta mamnuniyat bilan kutib olindi.
Furqat YUNUSOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
loyiha rahbari