Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘pchilik, ko‘p yillar intiqib kutgan islohot
16:04 / 2020-01-27

Ayni vaqtda O‘zbekistonda qishloq aholisining hududiy mobilligi, ya’ni migratsion harakati sust darajada bo‘lib, buning oqibatida qishloqlarda aholining bandlik darajasi pastligicha qolmoqda.


Hozirgi kunda O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi 50,5 foizni tashkil etadi, ya’ni mamlakat aholisining 50,5 foizigina shaharlarda yashaydi. BMT tomonidan ishlab chiqilgan urbanizatsiya darajasi bo‘yicha xalqaro reytingga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoning 233 mamlakati orasida 155-o‘rinni egallaydi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda qishloq aholisining hududiy mobilligi, ya’ni migratsion harakati sust darajada bo‘lib, buning oqibatida qishloqlarda aholining bandlik darajasi pastligicha qolmoqda.

Shuningdek, shaharlardagi mavjud uy-joylar, ayniqsa kichik va o‘rta shaharlarda kommunal xizmatlar yetarli darajada ta’minlanmagani, uy-joy qurilishi siyosatining maqsadli uzoq muddatli strategiyasi yo‘qligi – eng katta muammolardan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, eskirgan qurilish tizimi, jumladan, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda izchil tizim yo‘qligi ham uy-joy qurilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, uy-joylarni loyihalashtirish va uy-joy komplekslarining sifati pastligicha qolmoqda.

Mazkur masalalar va boshqa muammolar mamlakatimizda urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirishga va iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Xorijiy tajribadan ma’lumki, aholining yuqori darajada mobilligi va erkin harakatlanishi davlatlar rivojiga, aholining turmush darajasi ortishiga salmoqli ulush qo‘shadigan omillardan biridir.

Shu ma’noda, Prezidentning Parlamentga Murojaatnomasida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda hududlarni kompleks rivojlantirish va aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish zarurligi alohida ta’kidlanganini nafaqat xalqimiz, balki keng xalqaro jamoatchilik vakillari ham olqishlamoqda.

Murojaatnomada joriy yilda yettita yirik shahar — Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Farg‘ona, Namangan va Nukus, Nukusga yo‘ldosh bo‘lgan 12 ta shaharcha tanlab olinib, ularni rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilandi.

Yuqorida sanab o‘tilgan muammolardan kelib chiqsak, Prezidentning mazkur tashabbusi orqali berilgan vazifalarning naqadar to‘g‘ri va hayotiy ekanini, odamlarimiz bundan nima uchun bu qadar mamnun bo‘lishayotganini anglash qiyin emas.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda jahonning eng katta megapolislarida dunyo aholisining atigi 18 foizi yashaydi, biroq ular barcha iqtisodiy boyliklarning uchdan ikki qismini va 10 ta innovatsiyaning 9 tasini ishlab chiqaradi.

Shaharlar doimo inson taraqqiyotining yadrosi bo‘lib xizmat qilib kelgan. Aynan shaharlarda boylik to‘planib, millionlab odamlar turmush darajasi ko‘tarilgan.

Murojaatnomada shu masalaga bog‘liq ravishda, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlar o‘rtasida juda katta tafovut mavjudligi va buning yechimi ichki migratsiyani erkinlashtirish ekani ta’kidlab o‘tildi.

Haqiqatan ham, ayni vaqtda O‘zbekistonda aholining ichki migratsiyasini hisobga olishning eskirgan tizimi aholi punktlaridagi infratuzilmaning demografik yukini aniq darajada baholashga imkon bermayapti.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda aholini zich va kam yashaydigan hududlar o‘rtasida teng ravishda taqsimlash, shuningdek, ishchi kuchi ortiqcha bo‘lgan hududlardan ish kuchi kam bo‘lgan mintaqalarga migratsiya oqimini yo‘naltirishga imkon beradigan yagona migratsiya siyosati mavjud emas.

Aynan shu jihatdan davlatimiz rahbari hukumatga Parlament bilan hamkorlikda 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib chiqish va aniq takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Binobarin, O‘zbekistonning qishloq aholisini shaharlarga ko‘chishini rag‘batlantirish, urbanizatsiya va propiska tizimini isloh qilish – bu mamlakatni barcha soha va tarmoqlarda jadal rivojlanishiga olib kelishi xalqaro tajribadan yaxshi ma’lum.

Jumladan, ushbu omil odamlarning turmush darajasi ko‘tarilishini ta’minlaydi, ularning farovonligini oshiradi. Shuningdek, ishchi-xodimlarning raqobatlashuvi oqibatida ishlab chiqarish samaradorligining ortishiga va natijada ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorlarida yuqori raqobatdoshligini ta’minlash imkonini yaratadi.

Bundan tashqari, aholi turmush farovonligini oshirish soliqlarning tushumini ko‘paytiradi, bu esa ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilaydi.
Shu ma’noda, Prezidentning mazkur insonparvar g‘oyasi ko‘pchilik, ko‘p yillar intiqib kutgan, xalq dardiga darmon bo‘lguvchi islohot sifatida katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

Furqat YuNUSOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazining loyiha rahbari