Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p tarmoqlilik – keng daromad manbai
17:16 / 2017-04-04

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida qator imtiyozlar joriy etilmoqda.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida qator imtiyozlar joriy etilmoqda. Navoiy viloyatida ham xususiy sektor rivojiga alohida e’tibor qaratilayotir.

Viloyatda o‘tgan yili 866 yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, uning sanoatdagi ulushi 20,5 foiz, yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 37,6 foiz o‘sdi. Kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qariyb 612 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi. Natijada 2016-yilda viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari soni 7 ming 222 taga yetdi.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonuniy muhofaza etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Zarafshon shahridagi “Nurli diyor parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatida parrandachilik, chorvachilik, quyonchilik bilan birga, issiqxona ham tashkil etilgan. Tadbirkor Yoqubjon Jo‘raqulov rahbarlik qilayotgan jamiyatda 40 dan ortiq ishchi mehnat qilmoqda.

Ayni paytda korxonada aholiga parhezbop go‘sht mahsulotlari yetkazib berish maqsadida 12 ming bosh parranda parvarishlanmoqda. 40 sotix maydonda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida zamonaviy issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, aholi dasturxoni arzon narxlarda pomidor va bodring bilan ta’minlanmoqda.

– Korxonamizda joriy yilda 2 quyonxona kompleksi barpo etdik, – deydi korxona ish yurituvchisi O‘tkir Almatov. – Bu yerda 200 bosh velikan zotli quyon boqilmoqda. Bunda tijorat bankidan olingan 45 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i qo‘l keldi. Quyonlar sonini 1000 boshga yetkazish rejalashtirilgan.

Korxona tasarrufidagi 40 sotix maydonda tez hosilga kiruvchi 300 tup yarim pakana yong‘oq ko‘chati o‘tqazildi. Bu yerdan unumli foydalanish va qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi.

Korxonada chorvachilikni rivojlantirish, aholini sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida “Ipotekabank” Zarafshon filialining 455 million so‘mlik kredit mablag‘i hisobidan xorijdan 105 bosh naslli qoramol xarid qildi.

Ayni paytda tadbirkor korxonada qayta ishlash sexini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Xususan, 2018-yildan sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash hamda qadoqlash liniyasi o‘rnatiladi. Shuningdek, kuniga 50 mingta tuxum yetishtirishga mo‘ljallangan tovuqxona qurish ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida 100 yangi ish o‘rni yaratiladi.