Koʻp sonli murojaatlar davlat boshqaruvi organlari faoliyatida kamchiliklar borligidan dalolat beradi
Bu taraqqiyot garovidir.
Mamlakatimizning har qanday oddiy fuqarosida: “Jamoatchilik oʻzi nima?”, “Nega jamoatchilik davlat organlarini kuzatishi, faoliyatiga baho berishi kerak?”, “Jamoatchilik organlariga qanday zarurat bor?” degan savollar toʻgʻilishi tabiiy.
Zarurat shuki, 34 milliondan ortiq boʻlgan Oʻzbekiston zaminida yashayotgan insonlarning kundalik hayotini tashkillashtirishga, bugunidan ertasining yana-da farovon boʻlishini taʼminlashga masʼul boʻlgan shaxslar – bular u yoki bu vazirlikda, qoʻmita yoki agentlikda yoinki xokimiyatlarda, soliq toʻlovchilarning pullari asosida shakllangan gʻaznadan oylik olib faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilaridir.
Misol uchun, haydovchilik guvohnomangizni yangisiga oʻzgartirish uchun yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi yoki pasportingizni almashtirish uchun tegishli fuqrolikni rasmiylashtirish boʻlimlariga murojaat qilganingizda Sizdan ortiqcha toʻlov va yigʻimlar undirilmasa, keraksiz “hujjatlar” talab qilinmasa, murojaatingiz qonunlardagi muddatlarda qanoatlantirilsa, demak mazkur davlat organlari Sizning hayotingizning yaxshilanishiga hissa qoʻshmoqda va Siz uchun, yaʼni xazrati Inson uchun xizmat qilayotganligini anglash mumkin.
Ammo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga salkam toʻrt yil ichida kelib tushgan 3 726 949ta murojaat hamda har kuni joylardagi Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan koʻp sonli murojaatlar davlat boshqaruvi organlari faoliyatida maʼlum kamchiliklar borligidan dalolat beradi.
Shunday ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan tashkil etilgan Jamoatchilik palatasi va hududlardagi palatalarning maqsadi davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ularning qonun doirasida faoliyat yuritishini nazorat qilishdir. Zero mutafakkirlarning taʼkidlaganidek, “davlat, xalq tomonidan jiddiy tarbiyalanishga muhtoj”, deganlaridek Jamoatchilik palatasining asosiy yoʻnalishlari boʻlib:
birinchidan, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirish;
ikkinchidan, aholi fikrini tizimli oʻrganib borish, aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini hamda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, ularning yechimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalariga va Hukumatga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritib borish;
uchinchidan, davlat organlarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qoʻshayotgan hissasini baholovchi koʻrsatkichlarni ishlab chiqish;
toʻrtinchidan, jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish, “jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik monitoringi” kabi taʼsirchan zamonaviy nazorat shakllarini amalda joriy etish va boshqalar taalluqlidir.
Jamoatchilik palatasi yoʻnalishlarining yana bir ahamiyatli jihatlari – bu “xalq diplomatiyasi” institutini rivojlantirish hisoblanadi. Joriy yil Fargʻona viloyatining Soʻh tumanida yuzaga kelgan vaziyatlardagi kabi holatlarda eng samarali vosita – bu “xalq diplomatiyasidir”. Shuning uchun, Jamoatchilik nazorati institutining nafaqat jamiyatga va xalqga, balki davlat manfaatlariga ham xizmat qiladigan, mamlakatning imidjini yuksaltiradigan jihatlarga ega ekanligini taʼkidlash joyiz.
Bunda, jamiyat va davlat oʻrtasida samarali muloqotni yoʻlga qoʻyilishi hamda ularning ijtimoiy manfaatlari kelishilishi taʼminlashi juda muhim. Ushbu institut chin maʼnodagi demokratik institut boʻlib, uning toʻla quvvat bilan ishlashi davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarini qonun doirasida faoliyat yuritishga, korrupsiyaning oldini olishga va eng muhimi xazrati Inson manfaatlaridan kelib chiqib faoliyat yuritishga undaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 14-moddasida belgilanganidek: “Davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi”. Shunday ekan, Jamoatchilik palatasining va hududiy jamoatchilik palatalarining davlat organlari va tashkilotlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtayi nazarini bayon etish talabi bilan Jamoatchilik palatasi soʻrovini yuborish huquqiga egaligi Bosh qomusimiz qoidalariga ham mos.
Aslida Jamoatchilik palatasi kabi institutlar jahonning koʻplab mamlakatlari amaliyotida mavjud boʻlib, ularning asosiy vazifasi davlat organlarining u yoki bu sohadagi olib borayotgan siyosatiga tanqidiy, oddiy fuqarolar pozitsiyasi bilan yondashib, mamlakatda huquqiy siyosatni rivojlantirishga xizmat qiluvchi olimlar, ilm-fan va madaniyat vakillaridan iborat boʻlgan mustaqil maslahat organi hisoblanadi.
Farmon bilan Jamoatchilik palatasi tasarrufiga “Mening fikrim” veb-portalining berilishi mazkur yangi demokratik institutning kelgusida jamiyatdagi eng sara va inson hayoti hamda rivoji uchun dolzarb boʻlgan masalalar ustida tegishli qonun hujjatlari loyihalarini bevosita ishlab chiqish va Parlament hamda Hukumatga taklif etish tizimining rivojlanishiga zamin yaratadi. Shu nuqtayi nazardan ham Jamoatchilik palatasiga oid Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonining qabul qilinganligi Yangi Oʻzbekistonni shakllantirish jarayonida ayni muddao boʻldi. Zero Yangi Oʻzbekiston sharoitida Jamiyat – islohotlar tashabbuskoriga aylanishi lozim. Bu taraqqiyot garovidir.
S.A.Muratayev
TDYUU kafedra mudiri yu.f.n.