Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koʻp qavatli uylar qishga tayyormi?
14:50 / 2020-08-26

Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, 2020-2021-yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini nazorat qilish respublika ishchi guruhi tashkil etilgan edi.


Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, 2020-2021-yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini nazorat qilish respublika ishchi guruhi tashkil etilgan edi. Mazkur ishchi guruh Samarqand viloyatida boʻlib, mavsumga tayyorgarlik ishlarining borishini oʻrgandi.

Oʻrganishlar davomida aniqlanishicha, oʻtgan yilgi qish davrida kuzatilgan muammolar va oʻtkazilgan xatlov natijasida viloyatdagi 266 ta koʻp qavatli uyni mukammal va joriy taʼmirlash rejalashtirilgan. Jumladan, 12 ta uyning tom qismi mukammal taʼmirlangan, 12 ta uyning yertoʻlalari tartibga keltirilgan, 13 ta uyning isitish tizimi taʼmirdan chiqarilgan, 20 ta uyning tashqi koʻrinishi bugungi kun talablariga moslashtirilgan.

Oʻtgan davr mobaynida tijorat banklari tomonidan shirkatlarga 104,1 milliard soʻm miqdoridagi kreditlar ajratilgan. 18-avgust holatida mazkur kredit mablagʻlari doirasida 93,6 milliard soʻm miqdoridagi kredit qarzdorligi yuzaga kelgan. Muammoli kreditning eng yuqori ulushi Samarqand shahri (1,46 mlrd. soʻm), Kattaqoʻrgʻon shahri (2,1 mlrd. soʻm), Narpay (348 mln. soʻm), Oqdaryo (320 mln. soʻm), Bulungʻur (302 mln. soʻm) tumanlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Ushbu kreditlarni soʻndirish masalasi hokimliklar va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda muhokama qilindi va qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Viloyat uy-joy kommunal boshqarmasida 24 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbarlari hamda tijorat banklari masʼullari ishtirokida 127 ta koʻp qavatli uyni joriy va mukammal taʼmirlash uchun ajratilishi zarur boʻlgan 4,4 mlrd. soʻm imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish masalasi muhokama qilindi. Ikki kunda shirkatlarga 567 mln soʻm kreditlar ajratildi.

Ishchi guruh hokimiyat mutasaddilari bilan birgalikda 1-oktyabrga qadar kreditni oʻzlashtirish uchun birinchi navbatda, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ekspertiza xulosalarini olish hamda salohiyatli pudratchi tashkilotlar tomonidan qurilish-montaj ishlarini olib borish boʻyicha boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqdi.

Bugungi kunda Samarqand shahrida 1046 ta koʻp qavatli uy-joy mavjud boʻlib, bu uylarga 113 ta xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari orqali xizmat koʻrsatiladi. Ishchi guruh tomonidan ixtiyoriy tanlov asosida oʻrganilganda ayrim shirkatlar faoliyati achinarli ahvolda ekani kuzatildi. Jumladan, Qorasuv massivi “Obod maskan” mahallasidagi Iftixor koʻchasida yangidan qurilgan 69 ta koʻp xonadonli uylarga “Yangi Uylar Servis” shirkati tomonidan xizmat koʻrsatilmoqda. Ammo aksariyat uylar atrofida obodonlashtirish ishlari olib borilmagan. 4, 5, 22-uylardagi liftlar ishlamaydi.

“Ibn Sino” shirkati xizmat koʻrsatadigan 6 ta koʻp qavatli uyning tom qismi taʼmirtalab, hudud obodonlashtirilmagan, elektr simlari xavfsizlik talablariga javob bermaydi. “Farhod Shirin” shirkatiga qarashli 10 ta uy atrofi obodonlashtirilmaganligi sababli chiqindixonaga aylangan, tom qismi taʼmirtalab hamda elektr simlari xavfsizlik talablariga javob bermaydi.

Bunday holatlar Kattaqoʻrgʻon shahrida ham kuzatildi. Shaharda mavjud 237 ta koʻp qavatli uyga 18 ta shirkat xizmat koʻrsatadi. “Miyonkol sifat taʼmir” shirkati masʼul boʻlgan 3 ta koʻp qavatli uyning yertoʻlasidagi oqova va ichimlik suvi quvurlari taʼmirtalab, havo almashish tuynuklari chiqarilmagan.

“Bobur Taragʻay” shirkati 28 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatar ekan. Bobur koʻchasidagi 15-uyning fasad qismi taʼmirlash ishlari sifatsiz bajarilgan. 1, 2, 3, 5, 6, 7, 8-uylarga kirish yoʻlaklarida framugalar va elektr shitlari hamda elektr tarmoqlarini taʼmirlash ishlari bajarilmagan.

Oʻrganishlar davomida viloyatda issiqlik taʼminoti boʻyicha ham bir qator muammolar aniqlanib, tegishli idoralarga topshiriq va tavsiyalar berildi.