Koʻkda koʻzni quvnatgan turnalar...
FOTOREPORTAJ
Turnalar. Bahor darakchisi. Ularning koʻzni quvnatuvchi oʻziga xos parvozlari keksayu yoshning eʼtiborini tortadi, koʻngillarga ajib iliqlik, olam-olam orzular ulashadi.
Kutilmaganda yerda duch kelganim turnalar yoshlik xotiralarni bir muddat koʻz oldimda gavdalantirdi...
Har gal bahor kelishi bilan osmonu falakda turfa shakl-shamoyilda uchayotgan turnalarni koʻrib koʻzimiz quvnardi. Kattalardan eshitganlarimiz boʻyicha oʻzimizcha ularning harakatini taʼriflaymiz. Baland uchgan turnalarni koʻrib biroz xafa boʻlamiz qimmatchilik boʻladi, deb. Pastlab uchgan turnalarni koʻrib ich-ichimizga sigʻmay xursand boʻlib, ovozimizning boricha ularga oʻz tilaklarimizni bildiramiz arzonchilik boʻladi, deb. Ular gʻuj aylangan joyda boylik boʻladi, oʻsha yerni yaxshilab agʻdarish kerak...
Bolalik xotiralarini eslab oʻsha gʻoʻr oʻy-xayollardan ajib bir entikib yerda bamaylixotir yurgan turnalarga tikilaman. Koʻkda oʻziga xos harakati bilan koʻzni quvnatgan tabiatning bu ajoyibotining goʻzalligi ham betakror ekan. Qiziq, koʻkda pastlab oʻtsa arzonchilik boʻlgan turnalar bugun yerda bemalol, odamlardan qoʻrqmay yuribdi. Buning qanday sinoati bor? Moʻl-koʻlchilikmi yoki boshqa sabab?
Essiz, yoshligimda yerda turnalarga duch kelmagan ekanman! Uchratganimda buning ham maʼnosini bilgan boʻlardim!