Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi: iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi taʼminlanadi
13:06 / 2020-11-02

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan vaqtdan buyon koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasida koʻplab muhim qonun hujjatlari qabul qilindi.


Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan vaqtdan buyon koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasida koʻplab muhim qonun hujjatlari qabul qilindi.

Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq normalar asosan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan. Fuqarolik kodeksining 84‑moddasi bilan koʻchmas mulkka egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxslarga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerakligi; koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuziladigan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ huquq egasining iltimosiga koʻra amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtkazishni roʻyxatdan oʻtkazilgan huquq yoki bitim toʻgʻrisida hujjat berish yoxud roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ustxat yozish yoʻli bilan tasdiqlashi shartligi belgilangan.

Shuningdek, 111‑moddaga binoan yer uchastkalari va boshqa koʻchmas mol-mulk bilan bogʻliq bitimlar (boshqa shaxsga berish, ipoteka, uzoq muddatli ijara, merosni qabul qilib olish va boshqalar) davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerakligi va koʻchmas mol-mulk xususida tuzilgan bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tegishli reyestrlarni yuritish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanishi koʻrsatilgan.

Bugungi kunda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshirilmoqda: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish toʻgʻrisida”gi 278-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 31-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida davlat yer kadastrini yuritish toʻgʻrisida”gi 543-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi “Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 1060-sonli qarori.

Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish masalalarini tartibga soladigan qonunchilik qoidalari va boshqa qonun hujjatlari oʻrganib chiqildi, natijada koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi meʼyoriy-huquqiy negiz tarqoq ekanligi, har xil kuchga ega boʻlgan koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qoidalarni oʻz ichiga olgan ancha sondagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar borligi aniqlandi. Meʼyorlar aksariyat bir-biriga zid kelmoqda va oʻzaro mos kelmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020-yil 7-sentyabrdagi PQ-4819-son qaroriga muvofiq Kadastr agentligi tomonidan “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.


Loyihaning maqsadi “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilishdan iborat. Qonun loyihasi 9 ta bob va 61 ta moddadan iborat boʻlib, unda sohaga oid tushunchalar, vakolatli organlar, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish, maʼlumotlar taqdim etish tartibi, roʻyxatdan oʻtkazuvchilar maqomi, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish tartiblari yoritilgan. 

Qonun loyihasini qabul qilish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻlik boʻlgan qoidalarning oʻzaro muvofiqlashtirilmaganligini yoʻqotish imkonini yaratadi va atamalar hamda tushunchalarning birxilligini taʼminlaydi. Barcha rivojlangan mamlakatlarda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonlarini tartibga soluvchi qonunchilik shakllangan va ushbu qonunchilik asosida oʻzlarining roʻyxatdan oʻtkazish tizimlari yaratilgan. Chet el tajribasi (Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Ukraina) shuni koʻrsatadiki, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasi alohida qonun bilan tartibga solingan boʻlib, unda sohaga oid tushunchalar, vakolatli organlar, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi, roʻyxatdan oʻtkazuvchilar maqomi va boshqa jihatlari qonun bilan belgilangan.

Loyihaning qabul qilinishi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi natijasida davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkdorlar huquqlarining himoyalanishi, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning qonun bilan kafolatlangan tartibi oʻrnatilishi natijasida koʻchmas mulk bozorining rivojlanishi, iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilinishi va bular natijasida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi taʼminlanadi.