Ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olish istagida bo‘lgan fuqarolar diqqatiga
O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 20 martdagi “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi ham shular jumlasidandir.
Mazkur qonun hujjatiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 480-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilib, ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotish tartibi soddalashtirildi va noturar joy toifasidagi ko‘chmas mulkni sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlash tartibi bekor qilindi.
Endilikda noturar joy toifasidagi ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotish va sotib olish jarayonini jismoniy va yuridik shaxslar o‘zaro shartnoma asosida amalga oshirishlari hamda ko‘chmas mulk ob’ekti mulkdorlari yoxud ushbu ob’ekt bo‘yicha ashyoviy huquqlar egalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar yoki ularning vakolatli vakillari ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga o‘tgan, cheklangan yoki bekor bo‘lgan yoki ko‘chmas mulk ob’ektining huquqiy holati o‘zgargan kundan boshlab, bir oy muddatda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlari kifoya.
Biroq, bu kabi qulayliklarni suiiste’mol qiluvchilar ham uchrab qolishi ehtimoldan xoli emas. Ya’ni, sotuvchi va sotib oluvchi o‘rtasida shartnoma imzolanib, sotib oluvchi tomonidan to‘lov majburiyatlari to‘liq yoki qisman amalga oshirilib, ko‘chmas mulkka nisbatan vujudga kelgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilganda ob’ektga nisbatan taqiq qo‘yilganligi yoki bo‘lmasa sotish (yoki begonalashtirish) huquqi mavjud emasligi aniqlanmoqda va natijada esa fuqarolar firibgarlik qurboniga aylanib qolmoqda.
Bundan tashqari, Oila kodeksiga ko‘ra er va xotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bog‘liq bitim tuzilganda bu harakat boshqasining roziligiga ko‘ra amalga oshirilishi belgilangan. Bu esa o‘z o‘zidan bitim tuzish jarayonida agar mavjud bo‘lsa umumiy ko‘chmas mulkning teng huquqli egalarini roziligini talab qilishni yoddan chiqarmasligimizni ko‘rsatadi.
Yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish maqsadida, ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olish istagida bo‘lgan fuqarolarimizga, notarial tartibda tasdiqlanmaydigan oldi-sotdi shartnomalarini tuzishdan oldin, Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘chmas mulkka nisbatan taqiq bor yoki yo‘qligini, unga nisbatan huquq turini aniqlab olishlari, shuningdek, umumiy mulkka nisbatan teng huquqli shaxslar bor yo‘qligini tekshirib olishlari uchun sharoit mavjudligi bildiriladi.
A.BABAKULOV,
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi yuristkonsulti