Prezidentimizning joriy yil 9 iyunda qabul qilingan “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni asosida Respublikamiz bo‘yicha 24 ta tuman-shaharlar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatidagi O‘zbekiston tumani gips va keramik buyumlar, sement, temirbeton buyumlar, tabiiy bo‘yoqlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilayotgan bo‘lib, yangi loyihalar ishlab chiqildi. Knauf texnologiyasi bo‘yicha gipsokartonlar ishlab chiqarish ana shulardan biridir. Yangi korxonaning loyiha qiymati 20 million yevro bo‘lib, u to‘g‘ridan- to‘g‘ri kiritilgan xorijiy investitsiyadir.
Knauf texnologiyasi bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, pishiqligi, iqlim sharoitlariga o‘ta chidamliligi bilan dunyo bozorini egallagan. bugungi kunda mamlakatimiz qurilish sohasida xalqaro standartlarga javob beradigan qurilish materiallariga talab katta. Shuning uchun bunday gipsokartonlarni o‘zimizda ishlab chiqarilishi qurilish-montaj loyihalari qiymatining arzonlashishi va bino-inshootlarning sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Tumanda “Knauf Gips Farg’ona” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi korxonaning tashkil etilishi munosabati bilan Knauf kompaniyasi ta’sischisi Nikolaus Knauf va kompaniya mutaxassislari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.
[gallery-4372]
Mehmonlar viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamrohligida qurilish maydonida bo‘lib, loyiha doirasidagi ishlar bilan tanishdi.
Hozirda bu yerda mahalliy va germaniyalik mutaxassislar tomonidan qurilish-montaj ishlari olib borilib, Germaniyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilmoqda.
– Kompaniyamiz Buxoroda gipsokartonlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, – deydi Nikolaus Knauf. – Biz Farg‘onada ham qisqa muddat ichida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz. Rejaga ko‘ra, 2022 yilning yanvar oyida qurilish-montaj va jihozlash ishlari yakunlanib, sinov tariqasida dastlabki mahsulotlar ishlab chiqariladi. Mart oyidan boshlab esa korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushadi.
E’tiborlisi, korxona ishga tushgach, 100 nafar mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlanadi. Yiliga 17 million kvadrat-metr 4 xildagi gipsokartonlar, 75 million tonna quruq qorishmalar ishlab chiqariladi. Mahsulotlar asosan Farg‘ona vodiysi viloyatlari ichki bozorini ta’minlaydi hamda qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilinadi.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat),O‘zA