Amerika Qo‘shma Shtatlarida futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining guruh bosqichi ilk turi yakunlandi.
Mazkur tur doirasida “A” guruhidan o‘rin olgan “Inter Mayami” – “Al-Ahli”, “Palmeyras” – “Portu” klublari bahsi bir xil – 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Shu tariqa, ushbu guruhda barcha jamoalar 1 ochkoni qo‘lga kiritdi.

“B” guruhida “PSJ” hamda “Botafogo” 3 ochko jamg‘argan holda 1-2-o‘rinlarga joylashgan bo‘lsa, “Sietl Saunders” hamda “Atletiko Madrid” keyingi o‘rinlarda qoldi. “S” guruhida “Bavariya” 3 ochko bilan birinchi pog‘onaga chiqib oldi. “Benfika” va “Boka Xuniors” 1 ochkodan jamg‘arib, 2-3 o‘rinni egalladi. “Oklend Siti” esa so‘nggi o‘rinda qoldi.

“D” guruhining ilk turida g‘alaba qozongan “Flamengo” va “Chelsi” 3 ochko bilan 1-2 o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, mag‘lub bo‘lgan "Los-Anjeles" hamda “Esperans” 3-4 o‘ringa joylashdi. “F” guruhida “Mamelodi Sandaunz” ilk tur yakuniga ko‘ra 3 ochko bilan peshqadamga aylanib oldi. “Borussiya Dortmund” va “Fluminense“ 1 tadan ochkoga ega chiqib, guruhning 2-3-pog‘onasidan o‘rin oldi. “Ulsan” esa so‘nggi o‘rinda.

“E” guruhida “River Pleyt” 3 ochko bilan guruhda karvonboshilik qilmoqda. Ushbu jamoani keyingi o‘rinlarda borayotgan “Monterrey” va “Inter” klublari 1 ochko bilan ta’qib qilmoqda. “Urava Red Daymonds” mag‘lubiyat evaziga 4-o‘ringa tushib qoldi. “G” guruhida “Yuventus” va “Manchester Siti” g‘alabaga erishgan holda 3 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda “Al-Ayn” va “Vidad” klublari so‘nggi pog‘onada qayd etildi.

“H” guruhida “Real Madrid” birinchi turda “Al-Hilol” jamoasiga qarshi o‘tgan o‘yinda 1:1 hisobida durang qayd etdi va bu jamoalar 1 ochko jamg‘argan holda 2-3-o‘ringa joylashdi. “Red Bull Zalsburg” 2:1 hisobida “Pachuka”ni yengib, 3 ochkoga ega bo‘ldi va guruh yetakchisiga aylandi.
Musobaqaning ikkinchi turi 19-23 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur turni bugun, mamlakatimiz vaqti bilan 21:00 da “Palmeyras” – “Al-Ahli” o‘rtasidagi uchrashuv boshlab beradi. Shuningdek, 20 iyun kuni “Inter Mayami” – “Portu” (00:01), “Sietl Saunders” –“Atletiko Madrid” (06:00), “PSJ” – “Botafogo” (03:00), “Benfika” – “Oklend Siti” (21:00) “Flamengo” – “Chelsi” (23:00) bahsiga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA