Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Klinik tadqiqotlar sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
17:11 / 2024-10-15

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi direktori Alisher Temirov Hindistonga tashrif doirasida “Raptim Research Corporate” kompaniyasi vitse prezidenti doktor Milind Bagul bilan uchrashdi. Unda tomonlar ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish hamda dori vositalarining klinik tadqiqotlari sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

“Raptim Research Corporate” 2002 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dori vositalarini tadqiq qilish va sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashgan. Farmatsevtika sohasida va turli klinik tadqiqotlarni xalqaro standart talablariga muvofiq o‘tkazish yuzasidan faoliyat yurituvchi mazkur xalqaro kompaniya – mahsulotlarni biotexnologiya asosida ishlab chiqaruvchi korxonalar va tibbiyot sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor – ikki mamlakatda dori vositalarining xavfsizligini ta’minlash hamda farmatsevtika mahsulotlarining klinik tadqiqotlarini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratildi.

Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik, dori vositalarini ishlab chiqishda ularning xavfsizligini ta’minlash, sifat nazoratini yanada kuchaytirish, yangi dori vositalarini yaratishda innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish va sohaga zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish imkonini beradi.

Tashrif davomida vakillarimiz kompaniya tarkibidagi laboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Yakunda tomonlar farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ustida ishlashga kelishib oldi. Sohadagi ushbu hamkorlik aholi salomatligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, delegatsiya azolari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilayotgan ICDRA – Dori vositalarini nazorat qiluvchi organlarning 19-xalqaro konferensiyasida ishtirok etmoqda.

JSST tomonidan 1980 yildan beri muntazam ravishda tashkil etib kelinadigan mazkur anjuman turli mamlakatlarning farmatsevtika sohasini tartibga soluvchi organlarining eng yirik uchrashuvlaridan biri hisoblanadi. Bu yilgi xalqaro tadbirda 200 ga yaqin mamlakatdan tashrif buyurgan soha mutaxassislari bir joyda jam bo‘lgan.

Joriy yilning 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan muhokamalarda vakillarimiz farmatsevtika mahsulotlarining xavfsizligini oshirish, farmakonazorat bo‘yicha global strategiya va uning asosiy tamoyillari hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari borasida o‘z taklif va mulohazalari bilan bo‘lishdi.

ICDRA konferensiyasi farmatsevtika sohasidagi zamonaviy muammolar va yangi yechimlarni ko‘rib chiqish uchun muhim platforma bo‘lib, bu yilgi tadbirda asosan dori vositalarining xavfsizligi, ularning samaradorligi hamda yangi tartibga solish choralari muhokama qilinmoqda, deyiladi Markaz matbuot xizmati xabarida.

Mohigul Qosimova, O‘zA