Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Kleopatra” tarixiy romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, atoqli shoir Salim Ashur, adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov va boshqalar O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida so‘z yuritdi.
“Kleopatra” tarixiy romani xalqimizning tarixiy ildizlarini teran o‘rganishga qaratilgani, adabiyotimizda o‘ziga xos yangilik bo‘lgani bilan ahamiyatli.

Go‘zal va qudratli ayol Kleopatra Spitamen qizi Apamaning o‘ninchi avlodi ekanini ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Ulug‘ insonlarning qaysi tuproqda tug‘ilgani, uning ildizi qaysi Vatanga borib ulanishi katta ahamiyatga ega. Bu esa Vatanning ulug‘ligini, ona zaminning xosiyatli ekanini dunyoga yoyadi.
Asarda ko‘plab tarixiy shaxslar nomlari bor. Buyuk sarkarda Iskandar, Rim dikdatori Yuliy Sezar, imperator Oktavian kabilar shular jumlasidan.
Ushbu kitob “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan. 2022 yili “Yilning eng yaxshi asari” respublika tanlovida muallifning “Kleopatra” tarixiy romani “Eng yaxshi nasriy asar” yo‘nalishida g‘oliblikni olib keldi.
Aytish kerakki, atoqli adib Muhammad Alining 40 dan ortiq kitobi chop etilgan. Bular orasida “Fazodagi hislar” (1967), “Shafaq” (1968), “Otalar yurti” (1970), “Oq nur” (1977), “Ilhom parisi” (1980), “Vechnыy mir” (she’riy roman, 1984), “Saz” (rus tilida, 1984), “Sen bir gulsan” (1989), “Ona duosi” (1994), “Saylanma” (1997) “Men o‘zim, o‘zim” (2011) singari she’riy kitoblari bor.
Yozuvchi ijodida “Mashrab” (1966), “Gumbazdagi nur” (1967), “Beshgul” (1969), “Oshiqlar ertagi” (1975) dostonlari, “Boqiy dunyo” (1979) she’riy romani salmoqli o‘rin egallaydi. “Sarbadorlar” (1989) roman-dilogiyasi, “Ulug‘ saltanat” epopeyasi ‒ “Jahongir Mirzo” (2003), “Umarshayx Mirzo” (2006), “Mironshoh Mirzo” (2010), “Shohrux Mirzo” (2013), “Abadiy sog‘inchlar” (2005), “Ulug‘bek Mirzoning so‘nggi kuni” (2001), “Masposhsho va Oyparcha” (2002), “Hindiyona afsona” (2006), “Navoiy va Boyqaro” (2015, 2021) pesalari adib ijodining cho‘qqisi sanaladi.

Adibning “O‘z-o‘zingni anglab yet” (1988), “Haqiqatdan chekinma, tarix!” (1990), “Qafasdagi bulbullar” (1996), “Amir Temur chamani” (2003), “Amir Temur va Yildirim Boyazid” (2007), “Tarix saboqlaridan xulosalar chiqarib yashaylik” (2014) nomli esselari, “Oshiq bo‘lmay, Haq diydorin ko‘rsa bo‘lmas” (1992), “Men ko‘rgan Amerika” (2000), “Amir Temur chamani” (2006), “Zamondoshim portretiga chizgilar” (2012,) “Oq laylak” (2015) kabi publitsistik ruhdagi kitoblari o‘quvchilar tomonidan qizg‘in kutib olindi. Uning “Tanlangan asarlar”ining 2 jildi bosilib chiqdi (2011–2012).
Badiiy tarjimada ham adib faollardan hisoblanadi. Hind eposi “Ramayana” (1978), qoraqalpoq eposlari “Shahriyor” (1977), “Masposhsho” (1985), shuningdek, Hoqoniy, Gyote, Byorns, Shiller, Bayron, Pushkin, Lermontov, Maxtumquli, Berdaq, Abay, Tagor, Hamzatov asarlaridan namunalar ham Muhammad Ali tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. U “Shahriyor” eposi tarjimasi uchun Berdaq nomidagi mukofotga loyiq ko‘rilgan (1984).

Adib – filologiya fanlari nomzodi. Uning asarlari jahonning yigirma beshdan ortiq tillariga tarjima qilingan. Uning “Abadiy sog‘inchlar” roman-xronikasi ingliz tilida (2006), “Jahongir Mirzo” va “Umarshayx Mirzo”, “Mironshoh Mirzo” romanlari rus tilida (2015–2019), “Jahongir Mirzo” romani esa turk tilida nashr etilgan.
Muhammad Ali “Mehnat shuhrati” (1999), “El-yurt hurmati” (2014) ordenlari bilan mukofotlangan. “Ulug‘ saltanat” tarixiy roman-dilogiyasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan (2007). “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” (1992), “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” (2021) faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
N.Usmonova, O‘zA