Ha, shunday. Dilchehra Ergasheva Paxtakor tumanidagi «Silverleafe» paxta-to‘qimachilik klasterida kombayn operatori bo‘lib ishlaydi.
Bu haqda aksariyat yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir orqali xabar topishdi. Sababi, bir guruh yoshlar qatorida Dilchehra Ergasheva davlatimiz rahbarining qo‘lidan yuksak mukofot — «Kelajak bunyodkori» medalini qabul qilib oldi.

Ko‘pchilik Dilchehraning kombayn operatori ekanligini eshitganida hayron qolgani ham bor gap. Odatda qizlar texnikadan uzoq yurishadi-da. Dilchehrada esa buning aksi. Uning bolalagidan texnikalarga qiziqishi baland.
— Kichkinaligimdan katta texnikalarni boshqarishni orzu qilardim, — deydi u. — O‘ylab ko‘rsam, bu menga otamdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Chunki ular texnika tilini juda yaxshi tushunadi, mexanizator. Texnika bilan til topishib ketishim qonimda bor, desam, adashmagan bo‘laman.
«Silverleafe» paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan xotin-qizlarni ishga qabul qilish bo‘yicha berilgan e’lon Dilchehraning orzulari sari yo‘lakcha ochdi. Negaki, klaster rahbariyati xotin-qizlar orasidan «John Deere» texnikalari uchun operatorlar izlashayotgan edi. Bu esa Dilchehra uchun ayni muddao bo‘ldi.

— Klasterga borib texnikalarni ko‘rgach, qiziqishim yana ortdi. Lekin ichki hadik ham yo‘q emasdi: bunday ulkan texnikani haydash qiyin emasmikan? Yo‘q, juda oson ekan. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar davomida «John Deere»ni o‘zimga bo‘ysundirib oldim, — deydi u jilmayib.
Dilchehra Ergasheva yosh va nozik bo‘lishiga qaramay, yuqori unumli va ulkan «John Deere» kombaynini ustamonlik boshqaradi. Uning eslashicha, rulga ilk bor 2020 yilda mustaqil ravishda o‘tirgan. O‘shanda lazerli uskunalar yordamida ekin yerlarini tekislagan. So‘ng paxta terish mashinasi, keyin esa kombaynni boshqargan. Masalan, bu yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida sherigi bilan birga, jami 541 gektar yerdagi g‘alla hosilini yig‘ishtirib oldi.
— Ko‘pchilik qiz bola uchun texnikani boshqarish qiyin emasmi, deb so‘rashadi. To‘g‘risni aytaman, shu paytgacha og‘irlikni sezmaganman. Aksincha, «John Deere»ni boshqarish juda qulay. Bu texnikalar o‘ta zamonaviy va shinam. Haydovchi uchun yaratilgan sharoit yengil mashinalardagidan aslo qolishmaydi. Masalan, hozir g‘alladan bo‘shagan maydonlarni tekislayapmiz. Keyin paxta teramiz. Mavsumiy ishlarga qarab texnikamizning agregati o‘zgaradi, xolos. Aytaylik, paxta terimi tugaganidan so‘ng unga biz, operatorlar tili bilan aytganda, “kapalaak” moslamasini taqamiz. Uning yordamida g‘o‘za poyalari o‘riladi-da, maydalanib, tuproqqa aralashtirib ketiladi. Bu yer uchun bebaho o‘g‘it hisoblanadi.
Ayni paytda Dilchehra Ergasheva oliy o‘quv yurtining iste’dodli talabasi hamdir. U Jizzax davlat pedagogika universitetida tahsil olyapti. Ish o‘qishga halal bermasmikan?
— Ishim o‘qishimga halal bermaydi, klaster rahbariyati o‘qishga borib kelishim uchun sharoit yaratib bergan. Hozir uchinchi kursni tamomlab, to‘rtinchi kursga o‘tdim. Ba’zida o‘qishlarim ko‘payib ketsa, ishimni kechki smenaga o‘tkazib, zimmamdagi ishimni bajarib qo‘yaman. Umumun olganda, ishim va o‘qishim bir-birini to‘ldirib turadi. Ingliz tili va adabiyoti fakultetida o‘qiganim uchun ingliz zabon odamlar bilan muloqotda bo‘lib turishim zarur. Klasterda esa bunday mutaxassislar juda ko‘p.
Shuning uchun Dilchehra Ergasheva universitet diplomi olgandan so‘ng ham operatorlik kasbini tashlash niyati yo‘q. Ikkalasini birgalikda olib ketmoqchi.

— Prezidentimiz yuksak mukofotni topshirguncha, “O, meni qizim”, deb murojaat qilib, “Mukofot muborak bo‘lsin!” deya tabriklab, ko‘ksimga «Kelajak bunyodkori» medalini taqib qo‘ydilar, — deydi Dilchehra Ergasheva. — O‘sha paytda qanday xursandligimni bilsangiz edi... Buni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Aytmoqchi bo‘lganim, endi davlatimizning biz, yoshlarga bo‘lgan ulkan g‘amxo‘rligini, Prezidentimizning katta ishonchini, kamatarona xizmatimga berilgan bu yuksak bahoni, albatta, oqlashim kerak.
Said RAHMONOV,
jurnalist